Urgutdagi «Tersak» mahallasida bir kunda 25 ta mehmon uyi ochildi
Prezidentimizning 2019 yil 13 avgustdagi PF-5781-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida Urgut tumanida Tersak turizm qishlog‘ini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida joriy yilning 22 iyun kuni qishloq hududida 25 ta oilaviy mehmon uylariga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi "Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori bilan tasdiqlangan "Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom" talablari asosida reyestrdan ko‘chirmalar taqdim etildi.
Tashkil etilgan oilaviy mehmon uylari bir vaqtning o‘zida 250 nafar mahalliy va xorijiy sayyohlarni joylashtirish imkoniyatiga ega.
Mazkur hududning o‘ziga xos tabiati, sharshara va soylari atrofida, tog‘ yon-bag‘rlarida dam olish maskanlari tashkil etilgan bo‘lib sayyohlarni mazmunli hordiq chiqarishlariga xizmat qiladi. Shu bilan birga mehmon uylarida turistlar uchun, qishloqning tabiiy sut-qatiq mahsulotlari, meva-sabzavotlaridan tatib ko‘rish, milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, qishloqning etnik urf-odatlari namoyishi, agro-turizm yo‘nalishida chorvachilik, bog‘dorchilik hamda dehqonchilikning qadimiy uslublari namoyish etiladi.
Mazkur qishloqda tog‘ turizmi yo‘nalishida 4 ta gid ekskursovodlar faoliyat yuritadi. Hududga tashrif buyurgan sayyohlarni tog‘ turizmi yo‘nalishida piyoda, ot va boshqa ulovlarda sayr qildirish qishloqning o‘ziga xos tabiati bilan tanishtirish imkoniyatlari yaratilgan.
Samarqand viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berishicha, tashkil etilgan oilaviy mehmon uylarida 25 ta xonadonda 52 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Kelgusida ularning xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha malakalari doimiy ravishda oshirib boriladi.