Urgutlik o‘quvchining sochini majburlab olgan va unga jarohat yetkazgan maktab direktori o‘rinbosariga intizomiy chora ko‘rildi
Bugun saytimizda joylangan “Urgutdagi maktabda direktor o‘rinbosari 11-sinf o‘quvchilarining sochini majburlab olgan va ularga jarohat yetkazgan” sarlavhali xabarga Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limidan munosabat oldik.
Unda quyidagilar bayon etilgan:
“Urgut tumanidagi 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.Ochilov 11-sinf o‘quvchisi O.Xoliqovning sochini o‘sgan holda maktabga kelgani sababli o‘quvchilar oldida uning sochini olib tashlagani, qaychining tig‘idan o‘quvchining boshiga shikast yetgani aks etgan fotosurat va ma’lumotlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Joriy yilning 23 sentyabr kuni tumandagi barcha ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, maktabda “Odob-axloq qoidalari” va bola huquqlarining doimiy kafolatlanishi to‘g‘isida tuman xalq ta’limi tizimida ishlayotgan barcha pedagog xodimlarga yetkazildi. Bu bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, rahbarlardan kafolat xatlari olingandi.
Shunga qaramasdan, 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Ochilov berilgan topshiriqlarga amal qilmagani, befarqligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddasiga asosan intizomiy chora ko‘rildi”.