Urgutlik tadbirkorlarning nazorat-kassa mashinasi va bank terminali o‘rnatmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlandi
Urgut tumanidagi Do‘stlik mahallasida joylashgan alyuminiy profillardan eshik-deraza romlari yasovchi, mebel bilan savdo qiluvchi tadbirkorlar faoliyati o‘rganildi. O‘rganishlarda nazorat-kassa mashinalari (NKM) va bank terminali o‘rnatmasdan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari aniqlandi.
Jumladan, tumanning mebel jihozlari bilan savdo qiluvchi tadbirkorlar Maqsud To‘raqulov, Olim Akobirov, alyuminiy profildan eshik va deraza romlari yasashga ixtisoslashgan “Uzoq plast” MChJ va “Avaz akfa plast” MChJ nazorat-kassa mashinasi va bank terminali o‘rnatmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlandi.
Davlat soliq xizmati organlari xodimlari mazkur tadbirkorlik sub’yektlariga bank terminali va NKM o‘rnatish tartib-qoidalarini batafsil tushuntirdi.
- Shu kungacha nazorat-kassa mashinasi va bank terminali o‘rnatmasdan faoliyat yuritib kelayotgan edik, – deydi “Avaz akfa plast” MChJ ish yurituvchisi Avaz Yusupov. – Davlat soliq xizmati organlari xodimlari kelib, tegishli tushunchalarni berdi. Faoliyatimiz davomida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimizni tushunib yetdik. Bu biz uchun juda foydali bo‘ldi. Tez orada kamchiliklarimizni bartaraf etamiz va kelgusida ham davlat soliq xizmati organlari xodimlaridan tegishli maslahat olib turamiz.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.