Urgutliklar rafiqasiga gul sovg‘a qilmaydimi? Paxtachiliklarchi?

Yoki gul do‘konlaridagi «ob-havo» haqida

Mart kelishi bilan gul do‘konlari gavjumlashib qolishini ko‘pchilik biladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu kunlarda gul do‘konidagi gullarning narxi ham qahraton qishdagi narxdan ancha balandroq bo‘ladi. Samarqand shahridagi gul do‘konlarini bugun aylanib, quyidagilarni aniqladik. U yerda bir dona atirgul  15 ming so‘mdan 20 ming so‘mgacha, chinnigul (gvozdika) 5 ming so‘m, dastorgul 10 ming so‘m. O‘rtacha guldastalarning narxi esa 50 ming so‘mni tashkil qiladi. 150, 200 ming so‘mlik guldastalarning oldida uni olishni istamaysizu, ammo cho‘ntakka qarab ish ko‘rgan odam doim yutadi. Qolaversa, ayollar sovg‘aga bir dona gul olsa ham ko‘zlari chaqnab xursand bo‘lishadi. Axir faylasuflar, ta’kidlaganidek, e’tiborning o‘zi sovg‘a.

Tumanlarda ham gullarning narxi o‘rtacha shu miqdorni tashkil etadi. Ammo barcha tumanlarda ham gul do‘konining mavjud emasligi kishini o‘yga toldiradi. Misol uchun yaqinda Qo‘shrabot tumanidagi bir tanishimga qo‘ng‘iroq qilganimda korxonasidagi xotin-qizlarga gul olish uchun Chelak yo Ishtixonga borib kelishga majbur ekanligini aytib qoldi. Paxtachiliklar esa rafiqasiga gul olish uchun Navoiy viloyatiga qatnaydi. Aholisi tumanlar ichida eng ko‘p hisoblangan Urgut tumanida yashovchi kishilar gul sotib olmoqchi bo‘lsa Samarqand shahriga kelib ketishga majbur.

Ba’zi tumanlarda gul do‘koni bir emas, bir nechta ekan. Misol uchun Past Darg‘om tumanida naq to‘rtta gul do‘koni faoliyat yuritib, ta’bi nozik xaridorga ham o‘ziga ma’qul bo‘lgan guldasta tayyorlab berishlari mumkin. Faqat pulini to‘lasa bas. Bu yerdagi gullarning narxi Samarqand shahridagi narxlar bilan deyarli bir xil. Ba’zi tumanlarda esa faqat bayram, qolaversa, mavsum payti bozorlar yonida vaqtincha gullar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan ekan.

Xullas, bu soha tadbirkor o‘ylab ko‘rishi uchun yaxshi imkoniyat. Ehtimol qaysidir tumandagi gul do‘koni sizniki bo‘lishi mumkindir. Shoshiling!

Gulhayo ASATULLAYEVA.