Urug‘i no‘xat, bargi darmondori, poyasi tola

“Zarafshon” gazetasining 2020 yil 11 iyuldagi 77-sonida “Takroriy ekin yer uchun ham, dehqon uchun ham koni foyda” sarlavhali maqolada joriy yilda viloyatimiz dehqonlari takroriy ekin sifatida bamiya ekayotganligini o‘qidik. Xo‘sh, haqiqatda bu ekinlar foydalimi, mahalliy sharoitda hosil olsa bo‘ladimi?

Bamiya sabzavot va tolali ekini bundan to‘rt ming yil avval Afrikada, keyinchalik ko‘hna Misr va XI asrdan arablar orqali Yevropa davlatlariga yangi ekin sifatida tarqalgan. Unga qadar Hindiston, AQSh, Rossiya, Kavkazorti, Markaziy Osiyo va Ukraina davlatlarida ham sabzavot va tola beruvchi ekin sifatida qadrlangan. Chunki uning yosh tugunchalari, meva urug‘lari oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llaniladi. Mevasida oqsil, moy, uglevodlar, urug‘ida 18 foizgacha oziq-ovqat moyi bo‘ladi. Xom urug‘lari ko‘k no‘xat o‘rnini, pishganda qahvani o‘rnini bosadi, bargi esa oziq-ovqat tayyorlashda darmondori sifatida ishlatiladi. Sanoatda poyasidan pishiq tola olinib, ip-arqon, qoplar tayyorlanadi, shuningdek, tibbiyot va xalq tabobatida qo‘llaniladi.

Issiqlik, yorug‘lik va namlikka talabchan bamiya o‘simligi urug‘dan ko‘paytiriladi, yengil va unumdor tuproqda yaxshi hosil beradi, ammo sho‘rlangan, botqoq tuproqlarda rivojdan ortda qoladi. Bizda bu ekinning Rossiyada yaratilgan “Visokorosliy-100”, “Karlikoviy 117”, “Belaya silindricheskaya-127” kabi navlarini ekish samarali hisoblanadi.

Xidirali BOTIROV,

qishloq xo‘jalik fanlari doktori,  Mamadali LUKOV, SamVMI dotsenti.