“Ustoz AI” qanday loyiha? Yoshlar undan nimalarni o‘rganishi mumkin?
Tumanlarda o‘tkazilayotgan yoshlar festivali doirasidagi tadbirlarda qatnashib, ayrim yoshlar bilan suhbatlashdim, ularning orzu intilishlari bilan qiziqdim. Aksariyati zamonaviy axborot texnologiyalari va chet tillarni o‘rganishga harakat qilayotgani haqida gapirib berdi. Yosh suhbatdoshlarimdan aynan ular qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ishga tushirilgan yangi loyihalar “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa” hamda “Ustoz AI” haqida so‘raganimda, ko‘pchiligi bu loyihalar haqida to‘liq ma’lumotga ega emasligini aytdi.
Boshqa hududlarda bo‘lgani kabi bugun Past Darg‘om tumanida o‘tkazilayotgan festival doirasidagi tadbirlardan biri aynan shu loyihalar taqdimotiga bag‘ishlandi.
- Bugun festivalda qatnashib, bilimimni boyityapman, - deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Orifjon Olimov. – Festivalda “Ustoz AI” taqdimoti bo‘lib o‘tishi haqida eshitganimda, qaysidir o‘qituvchi, masalan, Alisher Isroilov degan ustoz qandaydir taqdimot o‘tkazsa kerak, deb o‘ylagandim. Tadbirda qatnashib, bu boshqa bir loyiha ekanligini bildim. “Ustoz AI”dagi AI harflari “Artificial Intelligence” so‘zlarining qisqartmasi ekan. Ya’ni bu sun’iy intellekt degan ma’noni berarkan. Bu biz yoshlarni grafik dizayner, videomontaj, animatsiya, marketing ustasi singari 40 ta zamonaviy kasbga o‘qitish uchun ishlab chiqilgan platforma bo‘lib, undan ustozai.uz vebsayti orqali foydalanishimiz mumkin ekan.
Ha, yana bir jihati, unda nafaqat yoshlar, balki istagan kishi zamonaviy kasblarni o‘rganishi mumkin. Kurs yakunida dasturning o‘zi imtihon oladi va egallangan kasb bo‘yicha sertifikat beradi. Bu jarayonlarning barchasi bepul.
To‘lqin SIDDIQOV.
To‘lqin SIDDIQOV.