Uy-joy kommunal xizmatdagi muammolarni jamoatchilik nazoratisiz bartaraf etib bo‘lmaydi
Viloyatda joriy yilda 591 ta ko‘p qavatli uylar ta’mirlandi, 218 ta bolalar maydonchalari bunyod etildi, 101,8 ming kvadrat metr yo‘laklar beton bilan qoplandi va 74 ta yangi liftlar o‘rnatildi.
Bu haqda viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan reja asosida tashkil etilgan navbatdagi anjumanda viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi mas’ul xodimlari, “Suvoqava”, “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonalari va hamkor tashkilotlar vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda boshqarma boshlig‘i Rustam Sattorov 2019 yilning o‘tgan davri mobaynida sohada amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va qiynab kelayotgan muammolar xususida atroflicha so‘z yuritdi.
- Boshqarma tomonidan 1789 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatiladi, - deydi R.Sattorov. – Bu uylardan 1535 tasi 1991 yilgacha, 254 tasi esa yaqin 30 yil ichida qurilgan. Bizni qiynab kelayotgan muammolarning aksariyati xususiy qurilish tashkilotlari tomonidan bunyod etilgan yangi uylar bilan bog‘liq. O‘z ishining ustasi bo‘lmagan, ayrim mas’uliyatsiz quruvchilar tomonidan barpo etilayotgan uy-joylarda ishlar chala qolib ketishi, qurib bitkazilgan ko‘p qavatli uylar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga biriktirilmay qolib ketayotgani ko‘plab muammolarni tug‘dirmoqda. Bu kabi kamchiliklarni jamoatchilik nazoratini kuchaytirmasdan bartaraf etish qiyin. Har bir yangi ko‘p qavatli uy qurilib foydalanishga topshirilayotganda, shu uylarga ko‘chib o‘tayotgan har bir kishi mas’uliyatli, o‘z huquqini talab qila oladigan bo‘lishi kerak. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan maslahatlashib yoki yangi uy-joy mulkdorlari shirkati tuzishi, mavjud shirkatlardan biriga biriktirilishi lozim.
Tadbir davomida sohadagi har bir yo‘nalish bo‘yicha ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.
To‘lqin SIDDIQOV.