Uydan uzoqlashmasdan 1 kunda 1 million so‘m daromad

Keyingi paytlarda viloyatimizning turli hududlarida, tog‘ yonbag‘irlarida dam olish maskanlari tashkil etilib, ular nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik sayyohlarga ham xizmat ko‘rsatyapti.

Nurobod tumanining Cho‘nqaymish qishlog‘ida ham ana shunday maskanlar soni yil sayin ortib boryapti. Ulardan biri mehnat faxriysi Xushvaqt Yusupov tomonidan tashkil etilgan.

- Qishlog‘imizning tabiati go‘zal, - deydi otaxon. – Ammo shu paytgacha bu hududni tuman va viloyat markazi bilan bog‘laydigan yo‘llar talabga javob bermasdi. 2022 yilda Cho‘nqaymishdan Samarqand-Qarshi yo‘li - katta trassagacha bo‘lgan 15 kilometrlik masofaga asfalt yotqizildi. Qishloq aholisi hayoti farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, turizmni rivojlantirish maqsadida imkoniyatlar berila boshladi. O‘zim nafaqaga chiqqan bo‘lsam-da, tog‘ etagidagi 30 sotix yer maydonida dam olish maskanini barpo qildim. O‘z mablag‘im hamda 33 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini keltirib ekdim. Soyabonlar, so‘rilar, basseyn va dush o‘rnatdim.

Hozircha bu yerda 9 ta so‘ri mavjud bo‘lib, dam oluvchilar kuniga har birini o‘rtacha 200 ming so‘mdan ijaraga oladi. Bu bir kunda 2 million so‘mga yaqin mablag‘ keltiradi, degani.

- Mavsum paytida uydan uzoqlashmasdan, oilamiz bilan bir kunda o‘rtacha 1 million so‘m daromad topyapmiz, - deydi tadbirkor. – Bir paytning o‘zida 100 nafarga yaqin sayyohni qabul qilish imkoniyatimiz bor. Bahor paytida mehmonlar oqimi ko‘p bo‘ladi, ammo ayni yozning chillasida ham kam emas. Boshqa hududlarda jazirama bo‘lsa-da qishlog‘imizda doim mayin shabada esib turadi. Yozda mehmonlar asosan kechki paytda kelishadi. Tunab qolishni istovchilar uchun ikki xonali mehmon-uyimiz ham bor. Bu qishloqning saraton paytidagi oqshomlarida ham qalinroq kiyinmasangiz sovqotishingiz tabiiy.

Ko‘rdikki, har qadamda chashmalar bo‘lib, ulardan qaynab chiqayotgan suv kattagina soyni tashkil etarkan.

- Bu soyni mahalliy aholi “Ters” deb atashadi, - deydi Xushvaqt Yusupov. - Sababi, suv pastlikdan yuqoriga qarab oqayotgandek ko‘rinadi. Qishloqqa nafaqat bahor va yozda, balki yil bo‘yi, hatto qish paytida ham sayyohlar kelib turadi. Chunki hududning qorli tabiati ham o‘zgacha.

Bunday dam olish maskanlari barpo etilishi hududlarni yashil makonga aylantirishga ham xizmat qilyapti.

- Maskanimiz hududiga 500 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdim, - deydi tadbirkor. - Voyish qilish uchun toklar ham ekilgan. Ular ikki-uch yilda ancha bo‘y cho‘zib qoladi. Keyin bu yerda o‘rnatilgan soyabonlarga hojat qolmaydi.

Tadbirkor kelgusida faoliyatini kengaytirib, zamonaviy mehmon-uylari, bolalar maydonchalari, cho‘milish havzalarini bunyod etishni rejalashtirgan.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.