Uzbekistan Airways 4 avgust kuni Istanbulga navbatdagi charter reysni amalga oshiradi
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 4 avgust kuni “Toshkent-Istanbul-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi charter repatriatsion reys amalga oshirilishi haqida ma’lum qildi.
Xabar qilinishicha, “Toshkent–Istanbul” yo‘nalishida uchish soat 09:40 da, qo‘nish mahalliy vaqt bilan soat 13:00 ga belgilangan.
“Istanbul–Toshkent” yo‘nalishida esa uchish soat 14:30 da, qo‘nish mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da amalga oshiriladi.
“Toshkent–Istanbul” yo‘nalishi uchun aviachiptalarni aviakompaniya filialining markaziy sotuv ofisidan (“Uzbekistan Airways Sales”) 3 avgust soat 9:30 dan boshlab to‘g‘ridan to‘g‘ri navbatda turish orqali xarid qilish mumkin.
Yo‘lovchilarning shaxsan o‘zlari hujjatlarining asl nusxasi bilan kelishlari talab etiladi:
O‘zbekiston fuqarolari uchun – pasport va uchish uchun asos.
Xorij fuqarolari uchun – pasport.
“Istanbul–Toshkent” yo‘nalishiga chipta xarid qilish uchun O‘zbekiston Respublikasining Istanbuldagi bosh konsulligiga murojaat qilish mumkin.
Aviakompaniya tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida aviachiptalar qo‘lga kiritish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif qiluvchi shubhali shaxslarga murojaat qilmaslikni so‘ragan.