Uzbekistan Airways parvoz davomidagi muhim qoidalarni eslatib o‘tdi
Uzbekistan Airways COVID-19 tarqalishining oldini olish va unga qarshi kurashish sharoitida parvoz davomidagi bir qator xatti-harakatlarga doir qoidalar borasida eslatib o‘tdi:
— butun parvoz davomida yo‘lovchilar og‘iz va burunni to‘liq yopib turuvchi niqobda bo‘lishlari lozim (2 yoshgacha bo‘lgan bolalardan tashqari);
— qo‘l yuki sifatida samolyot sahniga ayollar sumkasi, portfel, noutbuk, bolalar uchun kerak bo‘ladigan ashyolar solingan sumkani olib chiqish mumkin. Boshqa barcha narsalar qatnovga ro‘yxatdan o‘tilayotgan vaqtda bagajga topshirilishi shart;
— havo kemasiga chiqarish ijtimoiy masofa saqlagan holda amalga oshiriladi;
— agar yo‘lovchi parvoz davomida o‘zini yomon his qilsa (isitma, yo‘tal, tumov va boshqalar) zudlik bilan bortkuzatuvchilarni chaqirish tugmasini bosishi kerak. Ekipaj kasallik belgilari bo‘lgan yo‘lovchi bilan o‘zini qanday tutish va qanday munosabatda bo‘lishga o‘rgatilgan;
— parvoz davomida havo kemasi sahnida harakatlanishdan tiyilish tavsiya etiladi. Hojatxonaga tashrif buyurish uchun, uning bo‘shligiga ishonch hosil qilish maqsadida yorug‘lik tablosiga e’tibor qarating, hojatxona oldida navbat hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang.
— samolyot yerga qo‘nganidan so‘ng, iltimos, ekipajning ko‘rsatmasiga qadar o‘rningizdan turmang. Havo kemasidan tushish ham, xuddi unga chiqqandek, ijtimoiy masofaga amal qilgan holda amalga oshiriladi.
"Agar ilgari ko‘rsatilayotgan xizmatlardan birortasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmay qolsa, buning uchun uzr so‘raymiz.
Biz uchun eng muhimi ekipaj va yo‘lovchilar salomatligidir.
Suv, quloqchinlar, oziq-ovqat vositalari, shuningdek, biznes klass uchun yo‘l va bolalar to‘plamlari alohida o‘ramlarda beriladi. Kosher taomlardan tashqari boshqa maxsus taomlarga oldindan buyurtma berish mumkin. Bort jurnallari va matbuot nashrlari vaqtincha bo‘lmaydi. Umid qilamizki, mazkur kiritilgan cheklovlar parvozdan oladigan iliq taassurotlaringizga ta’sir ko‘rsatmaydi. Epidemiologik vaziyat yaxshilanishi bilan to‘liq servis xizmatlarini ko‘rsatishga qaytamiz.
Sizga yoqimli parvoz tilaymiz va bizni to‘g‘ri tushunganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.
O‘zingiz va yaqinlaringizni asrang", deyiladi aviakompaniya xabarida.