"Uzbekistan Airways" Yangi yil bayramiga maxsus chegirmalar e’lon qildi
"Uzbekistan Airways" AJ Yangi yil bayrami munosabati bilan joriy yilning 31 dekabridan 2022 yil 4 yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab amalga oshirilayotgan ichki reyslar aviachiptalariga 30 foizdan 50 foizgacha chegirmalar e’lon qildi.
Chegirmalar O‘zbekiston shaharlari o‘rtasidagi barcha qatnovlarga amal qiladi va quyidagi toifadagi yo‘lovchilar uchun taqdim etiladi:
– Yakka tartibdagi yo‘lovchilar 30 foiz;
– Turistik guruhlar (5 va undan ortiq kishi), maktab o‘quvchilari, kollej, litsey, OTM talabalari, O‘zbekiston Respublikasi IIV, MV, DXX, DSQ, DBQ tizimlari talabalari va tinglovchilari va boshqa idoralar uchun 40 foiz;
➖ Oila uchun 50 foiz (2 va undan ortiq, ya’ni er-xotin va ularning 18 yoshdan oshmagan farzandlari, ota va uning 18 yoshdan oshmagan farzandlari yoki ona va uning 18 yoshdan oshmagan farzandlari);
➖ Nafaqaxo‘rlar uchun 50 foiz;
➖ Nogironligi bor shaxslarga 50 foiz;
➖ 1941-1945 yillar urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga 50 foiz;
➖ Ikkinchi jahon urushi va mehnat frontida ko‘rsatgan fidokorligi uchun orden va medallar bilan taqdirlanganlar uchun 50 foiz;
➖ Chernobil AES halokati oqibatlarini oldini olishda ishtirok etgan ishtirokchilar uchun 50 foiz.
Eslatma: 2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga chegirmalardan 1 tasini qo‘llashga ruxsat beriladi. Bir nechta chegirmalarni birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yuqorida ko‘rsatilgan chegirmalar chaqaloqlar va 2 yoshga to‘lmagan bolalar uchun amal qilmaydi. Aviachipta xarid qilayotganda tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari bo‘lishi kerak.