Uzoq davom etgan ulfatbozlik 22 yillik panjara ortiga yo‘lladi
Ichkilikka ruju qo‘ygan kishi avvalo, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmaydi, oilaviy hayoti izdan chiqadi, hatto farzandlari ham uni tark etib, yolg‘izlikka mahkum bo‘ladi.
Rahmatilla Mahramov ham yolg‘iz yashardi. Hayoti davomida turli jinoyatlarga qo‘l urdi, bir necha marta sudlandi, jazo muddatini o‘tab qaytdi. Mahalla raisidan ish so‘raganda uni obodonlashtirish bo‘limiga ishga joylashtirdi. Qo‘shimcha daromad olish uchun uyida sartaroshlik qilardi. Hammasi iziga tushayotgandek edi.
Ammo og‘u atalmish ichkilikning kasofati uning hayotini yana ostin-ustun qilib yubordi.
M.Ahmedov va F.Normatovlar kech bo‘lganda R.Mahramovning uyiga mast holda kirib kelishdi. F.Normatov unga sochini oldirishga kelganini aytdi. Ular o‘zlari bilan spirtli ichimlik ham olib kelgandi.
Shirakayf ulfatlarning xatti-harakati hech bir qolipga sig‘masdi. Ichkilikning ta’siridan og‘ziga kelganini qaytarmas, uning sochini olayotgan R.Mahramovni bir necha bor “boboy” deb haqorat qildi. Bu holat M.Rahimovga yoqmasa-da, javob qaytarishga shoshilmadi. Sababi, bu paytda ular hali o‘zlari bilan olib kelgan aroqni ichmagan, tetik edi. Qolaversa, o‘zidan yosh bo‘lgan ikkovlonga kuchi ham yetmasdi. Ammo bu ishlari uchun ulardan qasd olishni mo‘ljalladi.
Ular birgalashib aroq ichishdi. Ulfatbozlik uzoq davom etdi. “Mehmon”lar o‘zlarini bilmay qolar darajada edi. Shu yerda yotib qolishdi. R.Mahramov esa ularning o‘zlarini idora qilolmaydigan ahvoldaligi hamda uxlab qolganiga ishonch hosil qilganidan so‘ng o‘ylab qo‘ygan rejasini amalga oshirishga kirishdi.
Oshxonaga kirib, avvaldan tayyorlab qo‘ygan oshxona pichog‘ini olib chiqdi va uxlab yotgan F.Normatovning tanasiga urdi. U og‘riqdan ingrab yubordi. Uning ovozini eshitib, M.Ahmedov uyg‘onib qolishi va rejasi amalga oshmay qolishidan cho‘chigan R.Mahramov tezda M.Ahmedovning ham tanasiga qo‘lidagi pichoq bilan bir necha bor urdi.
Qonga belanib yotgan ulfatlar uni endi xavotirga sola boshladi. Qilgan ishining oqibatini anglagandek bo‘ldi... Ko‘chaga chiqib, qo‘shnilaridan biriga qilgan ishini aytdi. Ular “Tez yordam”ga va ichki ishlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildi. Yetib kelgan shifokor F.Normatovga birinchi yordamni ko‘rsatdi. Ammo M.Ahmedovga yordam berish uchun kech bo‘lgandi.
Insonga hayot degan ne’mat bir marta beriladi. Uni qanday o‘tkazish esa har bir kishining o‘ziga bog‘liq. R.Mahramov ham ichkilik oqibatida qilgan jinoyati uchun qonunchilikka asosan, umrining yana yigirma ikki yilini panjara ortida o‘tkazadigan bo‘ldi.
T.Qodirov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Samarqand viloyat sudi sudyasi.