Samarqandda ichkilik oqibatida tanishini pichoqlagan yigitga qamoq jazosi tayinlandi
Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish sog‘liq uchun zarar. Me’yoridan ortiq ichkilik har qanday insonni aqlidan ayiradi. Buning oqibatida jinoyat ko‘chasiga kirib qolish ham hech gap emas. Jinoyatlar tahliliga nazar tashlansa, aynan ichkilik tufayli sodir etilgan jinoyatlarning aksariyatida ayblanuvchi voqea paytida o‘z xatti-harakatini bilmaydi.
2019 yil 16 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida sudya B.Aliqulov raisligida O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan ayblangan Olim Joniyevga (ism-familiyalar shartli) oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Ish holatlariga ko‘ra, O.Joniyev 2019 yil 7 may kuni soat 01:00 larda o‘zi vaqtinchalik yashab kelayotgan Samarqand shahar, Al-Xorazmiy 1-tor ko‘cha, 14-uyda tanishi Odil Nortoyev bilan spirtli ichimlik iste’mol qiladi. Ular mastlik holatida o‘zaro janjallashib qoladi va janjal davomida Odil Olimga tan jarohati yetkazadi.
Shuningdek, Odil Olim bilan yashab kelayotgan tanishi Xolida Valiyevaga ham tegajog‘lik qiladi. Bu esa Olimning rashkini keltiradi va O.Nortoyevni qasddan o‘ldirish maqsadida xonadonda bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan qurollanadi. Ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgan, og‘ir darajadagi mastligi sababli o‘z harakatlarini idrok eta olmaydigan O.Nortoyevga tashlanib, unga tanasining ko‘krak qafasi, bo‘yin o‘ng tomon orqa yuzasiga sanchilgan-kesilgan tan jarohatlari yetkazadi.
O.Nortoyev o‘zini himoya qilish maqsadida hodisa joyidan qochib ketayotgan vaqtida, olgan tan jarohatlari natijasida Samarqand shahar, Al-Xorazmiy ko‘chasi, 10-uy oldida halok bo‘lgan.
Sud hay’ati sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini huquqiy baholab, Olim Joniyevni O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi va unga 16 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Shuningdek, sudlanuvchi O.Joniyev hisobidan jabrlanuvchi Odil Nortoyev foydasiga 6 million so‘m dafn xarajatlari undirish belgilandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi.