"Aybsiz holimga 7 yilu 100 kundan beri qamoqdaman..." maktubiga Oliy sud izoh berdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqaroning "Aybsiz holimga 7 yilu 100 kundan beri qamoqdaman...", deb yozgan maktubi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.

2013 yil 18 yanvardagi jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy tumani sudining hukmiga ko‘ra, Jobir Obidov (1975 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan, millati – o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, muqaddam bir necha marotaba sudlangan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi “a”, “v” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a”, “b” bandlari, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 3-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 1-qismi va 229-moddasi (o‘zboshimchalik)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 410 baravari miqdorida, ya’ni 25 797 200 so‘m jarima hamda 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Shuningdek, sudlanuvchi J.Obidovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012 yil 5 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi Qarorining 7-bandi «b» kichik bandi tatbiq etilib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan muddati to‘rtdan bir qismiga qisqartirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi apellyasiya instansiyasining 2013 yil 15 martdagi ajrimi bilan J.Obidovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgartirilib, unga tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012 yil 5 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi Qarorining 7-bandi «b» kichik bandiga asosan to‘rtdan bir qismiga qisqartirish qismi bekor qilingan.

Sud hukmining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ma’lum qilinadiki, fuqaro J.Obidov tomonidan Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat berilgan. Biroq unga oid jinoyat ishi Bosh prokuraturaga ham keltirgan nazorat tartibidagi shikoyati bilan birga o‘rganilayotganligi sababli, uning Oliy sudga yozgan shikoyati qo‘shib o‘rganish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi axborot xizmati.