Uzumchilik: an’anaviy yondashuvlardan voz kechish payti keldi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xomashyosiga nisbatan uzumdan 7, gilosdan 6, yong‘oqdan 5 baravar ko‘p daromad olish imkoniyati mavjud.

2010 yilda eksportning 11,3 foizi paxta tolasi hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 1,6 foizgacha kamaydi.

Ushbu raqamlarni ilmiylik tamoyili nuqtai nazaridan tahlil qilib ko‘raylik.

Birinchidan, paxtachilik sohasining samaradorligi yildan yilga pasayib bormoqda va bunday noma’qul tendensiyani klaster tizimini joriy etish yo‘li bilan ham o‘zgartirib bo‘lmayapti.

Ikkinchidan, uzumchilik va meva-sabzavotchilik sohalari bozor mexanizmlari va ilmiy tamoyillarga tayangan holda takomillashtiriladi.

Uchinchidan, uzumchilik sohasi yaqin kelajakda O‘zbekiston iqtisodiyotining drayveriga aylanishi mumkin.

Endi uzumchilik sohasida vujudga kelgan holat va uning taraqqiyotidagi tendensiyani raqamlar yordamida tahlil qilib ko‘ramiz.

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistondan yetakchi importyor mamlakatlar, ya’ni Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga 133 million dollarlik 140 ming tonna mahsulot eksport qilingan. Bu ko‘pmi yoki kam?

O‘zbekistonda har yili yetishtirilgan uzum yalpi hosili o‘rta hisobda 1 million 600 ming tonnani tashkil etayotganini inobatga olsak, eksport ulushi 10 foiz atrofida ekanligini ko‘rish mumkin. Jahon bankining ekspertlari mamlakatimizning uzum bo‘yicha yillik eksport potensialini 222 ming tonna miqdorida baholashmoqda. Agar joriy yilning bahor faslida 25 ming gektar yangi tokzorlar barpo etilganini, shuningdek, avvalgi yillarda ekilgan 15 ming gektar hosilga kirmagan tokzorlar mavjudligini inobatga olsak, yaqin besh yillikda eksport hajmi yuqorida qayd etilgan raqamdan ikki-uch marotaba ko‘p bo‘lishi lozim.

Shundan kelib chiqadiki, soha drayverga aylanishi uchun chuqur marketing tadqiqotlari amalga oshirilishi lozim. Alohida ta’kidlash joizki, uzumga tegishli jahon bozoridagi kon’nyuktura ijobiy tendensiyaga ega bo‘lib, yalpi talab yiliga 300 million dollarga ko‘paymoqda va bundan mamlakatimiz samarali foydalanish imkoniyatiga ega.

Sohada vujudga kelgan holatga qanday baho berish va uni qanday qilib yaxshilash mumkin?

Birinchidan, tokzorlarimiz nafaqat jismonan, hatto manan eksirgan. Jahon bozorida danaksiz uzumlarga talab o‘sib bormoqda. Ammo biz eksportga chiqaradigan uzumning aksariyat qismi danakli («husayni», «toifi», «kelinbarmoq») uzumlardir.

Ikkinchidan, O‘zbekistondan eksport qilinadigan uzum asosan tor doiradagi mamlakatlarga jo‘natiladi, ya’ni eksport geografiyasi diversifikatsiya qilinishi lozim.

Uchinchidan, uzum yalpi hosilining 60 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa seleksiyalash, standartlashtirish va sertifikatlash, sohani tizimli boshqarish va muvofiqlashtirish, eng asosiysi, maqsadli moliyalashtirish uchun to‘sqinlik qiladi.

To‘rtinchidan, yetishtirish intensiv usulga o‘tkazildi, ammo uzumchilik sohasida an’anaviy yondashuvlar saqlanib qolindi. Natijada, yetarli darajada yangi eksportbop, uzoq masofalarga transportirovka qilinadigan navlar yaratildi, deb maqtana olmaymiz.

Ilhom Vafoyev,

iqtisodchi.

Zuhur Niyozov,

qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi.