Vadim Abramov: Samarqandda futbolga qiziquvchilar ham, futbol o‘ynovchilar ham ko‘p
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan loyiha doirasida viloyat futbol assotsiatsiyasi “Mahallalarda imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida futbolni rivojlantirish orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish” yo‘nalishida g‘olib bo‘lib, 50 million so‘m miqdoridaga mablag‘ga ega bo‘lgan edi.
Ushbu mablag‘ evaziga mahalla va ta’lim maskanlarida imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida ommaviy futbol musobaqalari tashkil qilindi. Xususan, Samarqand shahridagi 59-Nurli maskan ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ham futbolni yanada ommalashtirish, imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning sportga qiziqishini oshirish, mahalla yoshlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida futbol festivali o‘tkazildi.
Unda o‘zbek futboli rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriylar, keng jamoatchilik vakillari, o‘qituvchi-murabbiylar so‘zga chiqib, sport, xususan, futbolning ommaviyligi uchun qilinayotgan xayrli ishlar, yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlarni yuqori baholashdi. Ziyo maskanidagi festival o‘quvchilarining millionlar o‘yiniga mehrini oshirdi.
- Shubhasiz, bolalarga bunday e’tibor xayrli ish hisoblanadi, - deydi “Dinamo” PFK bosh murabbiyi Vadim Abramov. - Muhimi, yoshlarning futbolga qiziqishi va mehrini oshiradi. Ko‘rdimki, yoshlar orasida kelgusida hayotini futbolga bog‘laydigan yoshlar ko‘p. Faqat ularni tarbiyalash, ular ustida "ishlash" kerak, xolos. Umuman, sport har bir insonni sog‘lom bo‘lishiga yaqindan ko‘makdosh bo‘ladi, hamjihatlikni kuchaytiradi. Shuning uchun bu xayrli tadbir o‘quvchilarni hayotda o‘zlarini to‘laqonli his etishiga, jamiyatning faol a’zosi aylanishiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
Festival doirasida futbolga ishtiyoqi baland o‘quvchilarga sport kiyimlari, to‘plar, futbol uchun zarur bo‘lgan buyumlar sovg‘a qilindi. Ta’lim maskani jamoasi, o‘quvchilar bunday e’tibordan minnatdor ekanligini ta’kidlashdi.
Zamon Eshonqulov.