“Vaqf” fondi ramazon oyida 2 milliard so‘mga yaqin zakot va xayriya mablag‘larini tarqatdi
“Vaqf” fondi Ramazon oyida 1,8 milliard so‘mlik zakot va xayriya mablag‘larini haqdorlarga yetkazdi. Ramazon oyida yurtimiz mo‘min-musulmonlarining xayru ehsonlarini muhtojlarga yetkazish maqsadida, “Vaqf” xayriya jamoat fondi bir qancha xayriya tadbirlari tashkil etildi. Ramazon oyida tashkil etilgan yuzlab saxovat tadbirlarida qariyb 1,8 milliard so‘mlik zakot va ehsonlar ulashildi.
Shundan, zakot mablag‘lari hisobidan 263 nafar muhtoj insonlarga 405 million 730 ming so‘m ulashildi. Mamlakatimiz masjidlariga 118 million so‘mlik kitob taqdim etildi. Xayriya mablag‘lari hisobidan 173 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tarqatildi.
Diniy ta’lim muassasalari talabalarining to‘lov-shartnomalari, masjid, madrasa va ziyoratgohlar, ruhiy kasalliklar shifoxonasi uchun 440 million so‘m atrofidagi mablag‘lar sarflandi.
Fondning 14 ta hududiy filiallari tomonidan Ramazon oyi davomida qariyb 700 million so‘mlik zakot va xayriyalar 6 mingga yaqin haqdor insonlarga yetkazildi.
Alloh taolo ulug‘ oyda yurtimiz mo‘min-musulmonlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning og‘ir kunlarida ko‘makchi bo‘lish maqsadida, qo‘li ochiq insonlarning qilgan ehsonlarini O‘z dargohida husni qabul aylasin.
Alloh azza va jalla O‘zining Kalomida ehson qiluvchilarga va’da beradi: “Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham birovga) zulm qilmagay, Agar (o‘sha miqdorda) yaxshilik bo‘lsa, uni (bir necha barobar) ko‘paytirur va O‘z huzuridan ulug‘ mukofot (jannat) ato etur” (Niso surasi, 40-oyat).
Alloh taolo barchalarimizni muhtoj kishilarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi saxovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin.Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!