"Vaqf" fondi Samarqanddagi qishloqqa suv yetkazdi
Bir hadisda bunday deyiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Kim suv bor joyga suv chiqarsa, bir jonni ozod qilgandek bo‘ladi, kim suv yo‘q joyga suv chiqarsa, bir jonni tiriltirgandek bo‘ladi” (Ibn Asokir rivoyati).
"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan bugungi kunda o‘nlab loyihalar amalga oshirilmoqda. Vaqf mulklarini tasarruf etish, ko‘makka muhtoj yoki tibbiy muolaja uchun mablag‘ talab etiladigan bemorlar uchun aksiyalar tashkil etilmoqda.
"Vaqf" xayriya jamoat fondining "Vaqf mulki va obi-hayot" aksiyasi doirasida Samarqand viloyati Nurobod tumani hududida joylashgan "Oqsoy" mahalla fuqarolar yig‘iniga ichimlik suvi chiqarilishi bo‘yicha xayrli ish amalga oshirildi. Ushbu amaliy ishlar "Oqsoy" MFY raisi va bir guruh faollarining Fondga murojaati yuzasidan boshlangan edi. MFY raisi va faollari murojaatida zarur ashyolar ro‘yxati va narxlari keltirib o‘tilgan bo‘lib, ushbu murojaatga muvofiq Fond tomonidan 40 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
Quyida ushbu murojaat va ashyolar ro‘yxati keltirib o‘tiladi.
Suv chiqarish ulkan ajrga sabab bo‘luvchi amal bo‘lib, xalqimiz asrlar davomida shu kabi ishlarni hashar yo‘li bilan amalga oshirib kelgan. Xuddi shunday savobli ish "Oqsoy" qishlog‘ida ham boshlanib, oxiriga yetmay qolgan. Bu masalada ayrim ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali asossiz ma’lumotlar tarqatilib, Fond faqatgina "nayrangboz"ga chiqarilgan.
"Vaqf" fondi yurtimiz mo‘min-musulmonlarini ulug‘ ayyom arafasida ko‘proq xayrli ishlarni qilishga, Allohning roziligiga erishishda musobaqalashishga chaqiradi. Mahalla oqsoqollarini aytishicha, suv chiqarilgan quduq bir qancha yillar avval mahalla ahli tomonidan qazilgan. Biroq suvni qishloqqa olib kelish ishlari to‘xtab qolgan. Zarur ashyolar Fond tomonidan xarid qilinib, 2 kilometrlik transheya qazish uchun homiylar jalb qilingan.
Fondning homiylari, Fondning Samarqand viloyat filiali hamda "Hazrati Dovud" ziyoratgohi xodimlari tashabbuslari bilan amaliy ishlar bajarilib, Nurobod tumani "Oqsoy" MFYga 2 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i qurib bitkazildi, qishloqning olti joyiga kran o‘rnatilib suv chiqarildi.
Ushbu ichimlik suvi tizimi orqali 200 dan ortiq xonadonga suv yetkazildi.
"Vaqf" fondi jurnalistlar va bloggerlarni holatni batafsil o‘rganib, ob’yektiv ma’lumot tarqatishga chaqiradi. Fond o‘z faoliyatida shaffoflikka tayanishni maqsadga muvofiq deya hisoblaydi. Sahovatli insonlar mablag‘iga amalga oshirilayotgan xayrli ishlarni boshqalarga o‘rnak maqsadida oshkor qilish aqlga zid ish emas.
Fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlarda siz ham faol ishtirok eting, o‘z ehsonlaringizni ulkan ajrlarga erishtiruvchi sahovat ishlariga yo‘naltiring.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi matbuot xizmati.
P/S: Ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil fikrlardan so‘ng biz ham Oqsoyga borib, masalani o‘rgandik, qishloq ahli bilan suhbatlashdik.
– Tug‘ilganimdan buyon shu mahallada yashayman, – dedi Oqsoy mahalla fuqarolar yig‘ini raisi A.Isrofilov. – Odamlarimiz suvsizlikdan qattiq qiynaldi, azob chekdi. Yillar davomida eshak-arava bilan 3-4 kilometrdan suv tashidik. To‘g‘ri, imkoniyati bor ayrim kishilar quduq qazdirib, uyidan suv chiqardi, ammo oddiy aholiga bu muddat oson o‘tmadi. Shu bois O‘zbekiston Musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari I.Xalilov nomiga xat yubordik. Bizning iltimosimiz e’tiborga olindi va 40 million so‘m mablag‘ evaziga mahallamizga suv chiqarib berildi.
– 2017 yilda mahallamizdan Rossiyaga borib ishlayotgan yoshlar bilan kelishib, qishloqda ichimlik suvi chiqarish uchun o‘sha joyning o‘zida 24 million (280 ming rubl) so‘m pul yig‘dik, – deydi mahalla yoshlaridan biri Zayniddin Sayfiddinov. – O‘sha yil tushgan mablag‘ evaziga 125 metr chuqurlikda quduq qazdirdik. Ammo biz to‘plagan pul qazish ishlaridan ortmaganligi bois, suv chiqarish rejamiz qolib ketdi. Yaqinda “Vaqf” xayriya jamoat fondining tashabbusi bilan ishlar qayta boshlandi va 250 ga yaqin xo‘jalikka suv yetkazib berildi.
Ha, darvoqe, o‘rganish jarayonida Oqsoyda suv keltirishga sarflangan mablag‘ haqidagi ma’lumotlar ham taqdim etildi. Ularni ham ko‘rdik.
Demak, bu yerda Zarnews.uz ham, ularga xabar bergan "Vaqf"chilar yoki bu haqda gapirgan Aziz Sultonov ham yolg‘onchi emas. Rossiyada ishlayotgan va pul yuborib, artezan quduq kavlatgan oqsoyliklarning mehnatini ham hech kim unutmagan.