Vaqtini boshqarolmagan, hayotini boshqarolmaydi

Kechasi uyg‘oq, ertalab charchagan holda uyg‘onadigan, vaqtni yelga sovurayotgan odamlarning kuni samarasiz o‘tyapti.
Ko‘pchilikdan “vaqt tez o‘tyapti”, degan gapni eshitamiz. Aslida vaqt to‘xtab turmaydi va u na tezlashadi, na sekinlashadi. Vaqtni his qilish esa o‘zimizga bog‘liq. Agar vaqtimizni to‘g‘ri sarflasak, baraka keltiradi. Undan samarasiz foydalansak, umrimizning eng qimmat damlarini boy beramiz.
Ajdodlarimiz vaqtning qadrini chuqur anglashgan. Jumladan, Abu Ali ibn Sino qisqa umr kechirganiga qaramay, insoniyat tamadduni uchun xizmat qiluvchi yuzlab asarlar yozdi. Demak, u hayotining har bir daqiqasini ilm va tadqiqot bag‘ishlagan, rejalagan, tongni yangi g‘oyalar bilan qarshi olgan. Shu qat’iy intizomi tufayli uning asarlari bugun ham dunyo tafakkuriga nur bag‘ishlab kelyapti. Abu Rayhon Beruniy vaqtni eng qimmat xazina bilib, yozganlarining birida “Umr qisqa, ilm esa cheksiz” deydi. Alisher Navoiy umrning naqadar qisqa va bebaho ekanini eslatib, vaqtni o‘lchovsiz boylikka tenglashtiradi.
Afsuski, bugun aksariyat insonlar vaqtini telefon, ijtimoiy tarmoq, serial va o‘yinlarga sarflamoqda. Kechasi uyg‘oq, ertalab esa charchagan holda uyg‘onadigan bu kabi odamlarning kuni samarasiz o‘tyapti. Ularning bu holati nafaqat mehnat unumdorligiga, balki salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Aslida vaqtning barakasi uni qanday o‘tkazishimizda. Agar vaqtni ilmga, kasb sirlarini o‘rganishga bag‘ishlasak, har bir kunimiz mazmunli, har bir lahzamiz qadrlidir. Ammo vaqtni behuda sarflagan kishi, go‘yo qo‘lidagi qudratli qurolni o‘ziga qarshi qo‘yadi.
Shunday ekan, inson o‘z vaqtining boshqaruvchisi bo‘lishi kerak. Kunlik ishlarni rejalashtirish, erta uxlash va erta turishga odatlanish, har bir kunni ezgu maqsadlar bilan o‘tkazish zarur. Ayniqsa, yoshlarni vaqtning qadriga yetishga o‘rgatish maqsadga muvofiq. Oilada, bog‘chada va maktabda farzandlarimiz ongiga vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, undan unumli foydalanish madaniyatini singdirish jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Chunki vaqtni qadrlashni bilgan avlodgina porloq kelajakni yaratadi.
Har bir kishi o‘tkazgan vaqtini sarhisob, tahlil qilib borishga odatlanishi shart. Bunga odatlangan kishida esa kunining necha soatini telefonga, necha soatini kitobga, qanchasini oilasiga sarflaganini yozib chiqsa, vaqtini qanday ishlarga sovurganini anglaydi.
Xulosa qilib aytganda, vaqt – inson hayotining o‘lchovi. Pulni yo‘qotsangiz, topish mumkin, sog‘liqni yo‘qotsangiz, tiklash umidi bor. Ammo vaqtni yo‘qotsangiz, uni qaytarishning imkoni yo‘q.
Sunnatillo Rashidov,
SamDU doktoranti.