Vatan bo‘lmas vatandan tashqarida

Yo‘lboshlovchimiz har bir elchixona oldidan o‘tayotganimizda mamlakat haqida qisqacha ma’lumot berar ekan, "Bu davlatdan kim bor?", deb sayyohlarga qarab qo‘yardi. Avtobusdagi 42 sayohatchining to‘qson foizi Amerika fuqaroligini qabul qilgan sobiq SSSR fuqarolari. Biz yo‘ldagi suhbatlar davomida kimning asli qayerdan kelganligini bilib olgan edik. Lekin hech kim "Men shu davlatda tug‘ilganman, o‘sha yerda o‘sganman", demasdi.

O‘zbekiston elchixonasiga yaqinlashganimizda gid yana shu savolni berdi. Biz, deb turmush o‘rtog‘im ikkimiz qo‘limizni ko‘tardik. Davlatimiz bayrog‘ini ko‘rib, qalbimiz faxr va g‘ururga to‘ldi. Elchixona binosini, uning oldida hilpirab turgan bayrog‘imizni suratga tushirdik. Afsuski, O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan, yurtimizda kamolga yetib, jamiyatda o‘z o‘rnini topgan, ayni paytda Amerikada yashayotgan hamrohlarimiz esa hamon jim ketishardi. Ulardan hech birining ko‘zida yurt sog‘inchini, yashagan zaminidan minnatdorlik aksini ko‘rmadik. Balki bu sirdir. Balki bu vatansizlikdir. Chunki ular okean ortini ham Vatanim deb aytishga ojiz.

Tarjimon qiz "Mana bu Ukraina elchixonasi, kim bor?", deb murojaat kildi. Ota-onasi bilan sayohatga chiqqan yetti yoshlardagi qizaloq o‘rnidan turib, baralla ovozda "Biz bormiz, biz Ukrainadanmiz", dedi. Shu on qizchaning ota-onasi unga "O‘tir, o‘tir, jim bo‘l", deb uni joyiga o‘tqazdi. Јizaloq esa ularning gapiga e’tibor bermay "Bu bizning bayroq, biz Ukrainadanmiz", deb gapirardi.

Biz esa hamon yurtimiz bayrog‘ini, jannatmakon O‘zbekistonimizni ko‘z oldimizga keltirib, yurt sog‘inchini chin dildan tuyib borardik.

Abduvohid

XUDOYBERDIYeV.