Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vatan madh etilgan ijod mahsullari hamisha ta’sirli bo‘lgan

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining yangi bunyod etilgan axborot-kutubxona markazida “Ma’naviyat haftaligi” tadbirlari doirasida “Shalola” ijodiy klubi a’zolari ishtirokida “Vatan madhi” deb nomlangan adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan asrning 60-yillarida tashkil etilgan “Shalola” ijodiy klubi o‘zbek adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan taniqli adib va shoirlar Barot Boyqobilov, Normurod Narzullayev, Omon Matjon, Dushan Fayziy, Asad Dilmurodov, Nusrat Rahmat, Habib Temur, Abulqosim Mamarasulov, Ilhom Hasanov, Karim Bahriyev, Ismatilla Yo‘ldoshevlar uchun o‘ziga xos maktab bo‘lgan.

Ijodiy klub mashg‘ulotlarida bundan qariyb 45 yil muqaddam faol ishtirok etgan shoirlar - O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zolari Yor Muhammad hamda Jumagul Suvonovalarning mazkur adabiy kechada chiqishlari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– “Shalola” mashg‘ulotlarida bizlar betakror ustoz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor Nuriddin Shukurovning saboqlarini tinglaganmiz, bir qator taniqli adib va shoirlar bilan muloqot qilganmiz, - dedi Yor Muhammad. – Ayniqsa, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon bilan qilgan suhbatlarimiz hamon yodimda. Ijodkor mana shunday muloqotlar, davralarda toblanadi, qalami charxlanadi.

– Darhaqiqat, shunday! Ijod yo‘li mashaqqatli yo‘l, - dedi Jumagul Suvonova. – Ijod chuqur bilim, mehnat va fidoyilikni talab qiladi. Yana bir gap. Ijod sohasi qandaydir alohida bir kasb emas. Aytaylik, iqtisodchi, huquqshunos, matematik, agronom yoki vrach ham bemalol she’r yozishi mumkin. Adabiyot tarixida bunga o‘nlab misollar bor. 

Uchrashuvda shoir Yor Muhammad yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.

Samimiy muloqot jo‘shqin mushoira bilan davom etdi. “Shalola” ijodiy klubining a’zolari Mushtariybegim Ismoilova, Sardor Abdullayev, Sevinch Zokirova va boshqalar ijodkor yoshlar uchun yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida gapirib, o‘zlarining bahor, muhabbat, Vatan, ona haqidagi yangi she’rlaridan namunalar o‘qidi.

Dilafro‘z Jabborova,

filologiya fanlari nomzodi.