“Vatan manzumasi”: Jasorat, matonat, vatanparvarlik madh etildi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Mudofaa, Madaniyat va turizm vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev, O‘zbekiston xalq artisti Saidkomil Umarov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shohida Ismoilova va taniqli estrada xonandalari ishtirok etdi.
Tadbir davomida marhum va zamondosh shoirlarning vatan, xalq, ona kabi mavzulardagi she’rlari o‘qildi. Shuningdek, mamlakatimizdagi tinchlik, osoyishta hayot, hamjihatlik va farovonlikni ifodalovchi videolavhalar, teatrlashtirilgan badiiy kompozitsiyalar namoyish etildi.
- Bunday adabiy-ma’rifiy kechalarni o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, - dedi Botir Ergashev. - Buyuk ajdodlar va yurt ravnaqi yo‘lidi jasorat ko‘rsatgan insonlarni yod etish, ularning avlodlarga qoldirgan merosini o‘rganish va ishlarini davom ettirish o‘zini shu yurt farzandiman deb bilgan har bir inson uchun ham qarz, ham farzdir. Ana tushunchalar adabiyot va san’at ahli tomonidan ommaga yetkazilmoqda.
Adabiy kecha yakunida Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasi yod etildi.
- O‘g‘lim 2000 yil avgust oyida Surxondaryo viloyati Uzun va Sariosiyo tumanlarida terrorchilarga qarshi olib borilgan janglarda xizmat burchini bajarayotgan chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘ldi, - deydi nurobodlik marhum harbiy xizmatchi Sayyor Sadinovning onasi Roziya Sadinova. - O‘tgan yil farzandimning xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Girdiqo‘rg‘on mahallasida uning byusti o‘rnatildi. Farzandimning xizmatlari hozirgacha e’tirof etilayotganidan juda xursandman. Bugun ham o‘g‘limning jasorati, yurt tinchligi yo‘lida ko‘rsatgan qahramonligi ko‘p bor tilga olinib, xotirlandi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.