Vazir Shavkat Mirziyoyevning maktubini Gurbanguli Berdimuxamedovga topshirdi
Bugun, 17 fevral kuni Ashxobod shahriga amaliy tashrif bilan borgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov tomonidan qabul qilindi.
Vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedovga maktubini topshirdi.
Uchrashuv chog‘ida oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosi yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etilganidek, ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi natijasida davlatlararo munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyalar, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama aloqalar salmoqli darajada faollashdi. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Muloqotda Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, yangi mintaqaviy bozorlarga chiqish uchun infratuzilmaviy va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.