Tadbirkorlar muammosi tinglandi, ayrim masalalar joyida hal qilindi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida Hukumat komissiyasining viloyatimiz tadbirkorlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tadbirkorlar Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev, Biznes-ombudsman D.Qosimov va viloyat hokimi E.Turdimovga o‘zlarini qiynayotgan elektr energiyasi, tabiiy gaz, kredit olish, infratuzilmani yaxshilash kabi masalalar yuzasidan murojaat qildi.
Masalan, Nurobod tumanidagi “Maroqand sement invest” qo‘shma korxonasi vakili tabiiy gaz yetishmovchiligi borasida o‘z muammosini bildirdi.
- Korxonamiz uchun oyiga 500 ming kub metr tabiiy gaz limiti ajratilgan, - deydi tadbirkor Rahmon Ahrorov. – Limitni 10 kunda ishlatib bo‘lib, qolgan 20 kun ishlamasdan turibmiz. Shu bois, limitimizni 1,5 million kub metrga oshirish borasida amaliy yordam berishlaringizni so‘rayman. Biz Xitoyga yangi ko‘mirga moslashgan uskunalar uchun buyurtma berganmiz. Uskunalar yetib kelib, o‘rnatib ishlatgunimizcha, ya’ni joriy yil dekabr oyigacha oshirilgan limitda gaz berilsa, keyin biz doimiy to‘liq ko‘mirda ishlashga o‘tamiz.
Ma’lumot uchun, hozirda viloyatimizda 4 ta sement ishlab chiqarish korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Soha mas’ullari tadbirkorning iltimosini hozircha qondirishning imkoni borligini, agar tegishli vazirlikdan qo‘shimcha limit berilsa, korxonaga belgilangan muddatgacha ehtiyojiga yetarli miqdorda gaz berilishiga va’da berdi.
- Limit degan narsadan voz kechishimiz kerak, chunki tadbirkorning ishlab chiqarish quvvati ham, gaz sarfi ham aniq, limit esa qaysidir tadbirkorni manfaatini cheklash bo‘ladi, - dedi viloyat hokimi. – Shu bois, barcha tadbirkorlarga birdek ta’minot qilish kerak. Bu, birinchidan, sog‘lom raqobatni yaratadi, qolaversa, ishlab chiqarish sifatini ortishiga xizmat qiladi.