Viloyat aholisining 58,9 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan

Bugungi kunda viloyat aholisining 2,3 million nafari (58,9 foiz) toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Jami 5120 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ining 1077 kilometri yoki 21 foizi ta’mirtalab ahvolda. 1899 ta suv qudug‘idan 615 tasi, 1689 ta suv inshootdan 542 tasi, 89 ta suv saqlovchi rezervuarlardan 16 tasi ta’mirga muhtoj. Bu haqda «Samarqand suv ta’minoti» ma’suliyati cheklangan jamiyati direktori Komil Yusupov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Viloyatdagi 1 100 ta mahallaning 368 tasi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 555 tasi qisman ta’minlangan. 177 tasining aholisi kundalik hayotida buloq, soy, qo‘lbola bosma kran va tashib keltiriluvchi ichimlik suv manbalaridan foydalanaib kelmoqda.

- Aholi xonadonlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv ta’minotini yaxshilash bugungi kunning muhim vazifalardan hisoblanadi, -deydi Komil Yusupov. - Bu yo‘nalishda asosiy e’tibor aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanishi past darajadagi hududlarga qaratiladi. Jumladan, joriy yilda Oqdaryo tumanida 13 ta, Ishtixon tumanida 37 ta, Nurobod tumanidagi 17 ta, Jomboy tumani 14 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 40 ta, Narpay tumanidagi 17 ta, Qo‘shrabod tumanidagi 8 ta, Past Darg‘om tumanidagi 20 ta aholi yashash punktlari toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Buning natijasida, viloyat bo‘yicha 57,9 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi. 135,1 ming nafar aholi esa ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Oqova suvi bilan ta’minlanish darajasida 15,3 foizdan 18,1 foizga oshishiga imkon yaratiladi.

Tadbirda Jahon bankining kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan “Buxoro va Samarqand shaharlari oqava suv tozalash inshootlari va oqava tizimlari rekonstruksiyasi” loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berib o‘tildi.

Joriy yilning 1 martiga qadar nihoyasiga yetadigan mazkur loyiha bo‘yicha 139 ming m3 sutkali va 3 ming m3 sutkali 2 ta oqava suvlarni tozalash inshooti rekonstruksiyasi, 5 ta oqava suv nasos stansiyasi hamda 93,2 kilometr oqova suv tarmog‘i quriladi. Natijada Samarqand shahrida 80 ming nafardan ortiq aholi oqova xizmatlaridan bahramand bo‘ladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.