Viloyat bosh imom-xatibi: «O‘zingizni va yaqinlaringizni azobga qo‘ymang!»
Shunga qaramay, keyingi vaqtlarda jamiyatimizda ayrim kishilar ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar bilib-bilmay, o‘z joniga qasd qilib, Alloh taolo ato etgan hayot nurini bevaqt o‘chirishga, ikki dunyoda abadiy la’natga va do‘zax azobiga duchor bo‘lishdek og‘ir gunohga qo‘l urmoqdalar. Dinimiz ta’limotida insonning o‘z joniga qasd qilishi qattiq qoralanadi.
Alloh taolo aytadi: "...O‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir" (Niso surasi, 29-oyat).
Ko‘plab sahih hadislarda ham o‘z joniga qasd qilish og‘ir gunoh ekani va uni amalga oshirgan osiy banda jahannam o‘ti bilan abadiy azoblanishi ta’kidlanadi.
Abu O‘urayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bunday deydilar: "Kim tog‘ tepasidan tashlab, o‘zini o‘zi o‘ldirsa, o‘lgandan so‘ng jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. Agar zahar ichib o‘zini o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham abadiy shu azobga mubtalo bo‘ladi. Kim o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, o‘sha kimsa temir parchasi qorniga suqilgan holda jahannam o‘tida abadiy qoladi" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Yana boshqa bir hadisi sharifda shunday deyilgan: Abu O‘urayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasuli akram sallollohu alayhi vasallam "Kim o‘zini o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirsa, do‘zaxda ham shu xil azobda qoladi va kim o‘zini olov bilan o‘ldirsa, do‘zax olovida ham xuddi shunday azobda qoladi", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Inson borki, uning boshiga turli xil musibat va muammolar tushadi. Bu musibatlarni yengib o‘tish haqiqiy musulmon insonning ishidir. Biror sinov kelsa, osmonu falakni boshiga ko‘tarib, ayyuhannos solib, dod-faryod qilish, o‘z joniga qasd qilishni barcha tashvishlardan qutilishning yagona yo‘li, deb bilish imonning zaifligidandir. Vaholanki, bu uslub yechim emas, balki eng buyuk azob-uqubatning boshlanishidir.
Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhuning rivoyat qilishicha, Nabiy sallollohu alayhi vasallam shunday deganlar: "Sizlardan oldin o‘tgan qavm orasida bir yaralangan kimsa bor edi. U og‘riqqa chiday olmasdan, qo‘liga pichoq olib, yaralangan qo‘lini kesdi. Natijada u qon yo‘qotish tufayli vafot etdi. Shunda Alloh taolo "Bandam o‘zini o‘zi o‘ldirib, mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim", dedi (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadisi qudsiy mazmuniga ko‘ra, o‘zini o‘zi o‘ldirgan banda jannatdan abadiy mahrum qilinar ekan.
Afsus ila zikr qilib o‘tish lozimki, bugun ham kishilar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turibdi. Bu mudhish holatlar islom shariatida qoralangani barobarida Alloh taoloning qazoyi qadariga ham tug‘yon qilish sanaladi. Qolaversa, kishi bu harakati bilan o‘z ota-onasi, xeshu aqrabolarini ham og‘ir kulfatga solib qo‘yadi. Buning oqibatida bolalar yetim qolmoqda, oilalar parokanda bo‘lmoqda.
Joriy yilning 27 iyul kuni Prezidentimiz raisligida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati, bu borada ichki ishlar organlari va boshqa davlat idoralarining mas’uliyatini yanada oshirish, tizimda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanishicha, o‘tgan 6 oyda 2066 nafar yurtdoshimiz o‘z joniga qasd qilgan. Ming afsuski, ularning 1251 nafari vafot etgan. Oxirgi ikki haftada 79 ta shunday hodisa ro‘y berdi.
Bu raqamlar har bir mo‘min-musulmonning qalbini larzaga soladi. Viloyatimizda ham bunday holatlar uchramoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, yilning birinchi yarmida 194 nafar fuqaro o‘z joniga qasd qilib, ularning 106 nafari vafot etgan. Ushbu holatlarni joyiga borib o‘rganganimizda oiladagi kichik bir kelishmovchilik, bir-birini tushunmaslik yoki ayrim ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy muammolar bunga sabab bo‘lganligi aniqlanmoqda. O‘ar qanday ijtimoiy va iqtisodiy muammoni sabru qanoat va husni tadbir bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo besabrlik ila noshukrlik qilinsa, oqibati xayrli bo‘lmaydi!
Alloh taolo bizga omonat qilib bergan hayot ne’matini va umrimiz yillarini solih amallar qilishga, savobli ishlar bilan o‘tkazishga, kundalik hayotiy qiyinchilik va muammolarimizni aql-zakovat bilan hal etishga harakat qilish va Alloh taoloning rahmatidan umidvorlik bilan yashashga intilish – haqiqiy imonli insonning barkamol fazilati hisoblanadi.
Zayniddin EShONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili,
viloyat bosh imom-xatibi.