“Viloyat hokimi fan olimpiadasi”: Jomboydan sovrindor yo‘q, o‘rtacha ballga g‘oliblik berilgan

12 iyun kuni “Yoshlar festivali” doirasida “Viloyat hokimi fan olimpiadasi” viloyatdagi 10 ta oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazildi.

Fan olimpiadasida 14 ta umumta’lim fanlaridan tuman, shahar maktablaridan saralab olingan 10-, 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.

Jumladan, tuman, shaharlar kesimida har bir fan bo‘yicha 4 nafardan o‘quvchi qatnashdi.

10-, 11-sinflar kesimida 14 ta fandan birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan jami 84 nafar g‘olib o‘quvchilar viloyat hokimining diplomi hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Barcha fanlar bo‘yicha Samarqand shahri 20 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Past Darg‘om tumani 9 ta sovrin bilan ikkinchi, Bulung‘ur va Nurobod tumanlari 7 tadan sovrinli o‘rin bilan uchinchi o‘rinni band etdi.

Fan olimpiadasida eng past ko‘rsatkichli tumanlar ham qayd etildi. Masalan, Urgut tumani o‘quvchilari 2 ta sovrinli o‘rin olgan bo‘lsa, Jomboy tumani birorta ham sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritolmadi.

  Fan olimpiadasining o‘ziga xosligi shundan iborat bo‘ldiki, unda ishtirok etgan 1576 nafar o‘quvchining 1031 nafari, ya’ni 65,4 foizi ilgari olimpiadada qatnashmagan o‘quvchilardir. Ba’zida o‘qituvchi fan olimpiadasiga faqat bitta o‘quvchini olib boradi, vaholanki sinfda o‘sha o‘quvchidan ko‘ra fanni yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchi bo‘lishi mumkin. Shuni hisobga olgan holda bu gal fan olimpiadalarida ishtirok etmagan o‘quvchilar jalb etildi.

Shuningdek, g‘olib bo‘lgan 84 nafar o‘quvchidan 32 nafari olimpiadada yangi nomzod sifatida qatnashib, 10-sinflardan 17 nafar, 11-sinflardan 15 nafari sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Shunisi taassufliki, fan olimpiadasida ayrim kamchiliklar ham ko‘zga tashlanib qoldi. Masalan, 112 nafar o‘quvchi fanlardan past ball olgan. Jumladan, Urgut tumani 13,4 foiz, Bulung‘ur tumani 11,6 foiz, Samarqand tumani 10,7 foiz bilan eng past natijani qayd etdi.

Shu bilan birga, tojik tili va adabiyoti, informatika, kimyo, nemis tili fanlaridan o‘quvchilarning olimpiada darajasidagi bilimlari yetarli emasligi aniqlandi. Jumladan, tojik tili va adabiyoti fanidan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 11-sinf  o‘quvchisi (Past Darg‘om tumani 19-maktab) 62,5 ball, uchinchi o‘rinni egallagan o‘quvchi (Nurobod tumani 13-maktab) 57,5 ball to‘plagan. Aslida bunday ball “3” baho deganidir. Qolgan o‘quvchilar esa olimpiadada “2” baho olgan.

Xuddi shuningdek, informatika fanidan uchinchi o‘rinni egallagan 11-sinf o‘quvchisi (Paxtachi tumanidagi 19-maktab) 67,5 ball, kimyo fanidan uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 11-sinf o‘quvchisi (Qo‘shrabot tumani 13-maktab) 55,0 ball, nemis tilidan uchinchi o‘rinni olgan 10-sinf o‘quvchisi (Samarqand shahar 51-IDUM) 57,5 ball to‘plagan. Ushbu ko‘rsatkich ham o‘rin berishga loyiq emas, ammo bundan yuqori ball bo‘lmagani uchun ularga uchinchi o‘rin berilgan.

Bo‘lib o‘tgan fan olimpiadasining oliy ta’lim muassasalari hamkorligida o‘tkazilgani uning shaffofligini ta’minlagan bo‘lsa, yuqoridagi kamchiliklarning ochilgani endilikda viloyat xalq ta’limi rahbarlarining aynan qanday masalaga e’tibor qaratish kerakligini ko‘rsatdi.

Bu kabi fan olimpiadalari har yili oliy ta’lim muassasalari hamda ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi tomonidan hamkorlikda o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, fan olimpiadasini o‘tkazgan oliy ta’lim muassasalari o‘zlariga biriktirilgan fanlardan g‘olib bo‘lgan va yuqori ballarni to‘plagan o‘quvchilarni respublika va xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlaydi.

G‘ayrat Boboxolov,

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i.