Viloyat hokimiga yangi o‘rinbosarlar tasdiqlandi

Endi ulardan birining deputatlik vakolati tugatiladimi?
Bugun bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat Kengashining 37-sessiyasida bir qator masalalar muhokama etilib, tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Haydarov Jamshid Temurovich viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbari lavozimiga tasdiqlandi.
Mazkur lavozim Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 iyunda qabul qilingan qaroriga ko‘ra joriy etilgandi. Qaror bilan, shuningdek, viloyat hokimligi boshqaruv apparati tuzilmasida ushbu masala bo‘yicha kotibiyat mudiri lavozimlari tashkil qilingan.
Eslatib o‘tamiz, J.Haydarov 55-Mirzaqishloq saylov okrugidan viloyat Kengashi deputatligiga saylangan. Saylov kodeksining 90-moddasiga ko‘ra, ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.
J.Haydarov egallagan lavozimi joriy etilishi munosabati bilan viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi viloyat hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi etib nomlandi.
Sessiya ishida Shukurov Akmal G‘ayratovich ushbu lavozimga tasdiqlandi.
Sessiyada, shuningdek, viloyat saylov komissiyasi raisi S.Nuriyev bo‘shab qolgan deputatlik o‘rniga o‘tkazilgan saylov natijalari to‘g‘risida axborot berdi.
Qayd etish lozim, O‘zbekiston Qaxramoni, viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi raisi H.Normurodov vafot etgach 28-Kattaqo‘rg‘on saylov okrugi deputatligi bo‘shab qolgandi.
Qayd etilganidek, 11 iyul, yakshanba kuni Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 20 ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari tashkil qilingan. Unda ro‘yxatga olingan 32 ming 997 nafar saylovchidan 26 ming 14 nafari qatnashgan. Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, 78,8 foiz ovoz olgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod - Nurmurodov Ilhom Ergashevich viloyat Kengashi deputati etib saylangan.
Bugungi kunda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayotgan Ilhom Nurmurodov 1996-2003 yillarda Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.