Viloyat rahbari ustozlar xonadonida bo‘ldi
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh faxriy murabbiylar xonadoniga borib, ularni kasb bayrami bilan tabrikladi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov xonadonida mehmon bo‘lgan viloyat rahbari ustozning ilm-ma’rifat sohasidagi va Samarqand viloyati hayotidagi xizmatlarini e’tirof etdi.
R. Xolmurodov "Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Adiz Boboyev Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professori, akademik Diamat Abdukarimovni ham bayram bilan tabriklab, viloyat hokimligining sovg‘alarini topshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik marhum Botirxon Valixo‘jayev xonadoniga borgan viloyat rahbari Adiz Boboyev va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova olimning turmush o‘rtog‘i Xadicha Vafoyevani bayram bilan tabriklashdi. Suhbat davomida ilm-ma’rifat va yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga umrini bag‘ishlagan faxriy ustozlar xizmatlari alohida tilga olindi.
– Bugungi e’tibordan juda xursandman. Davlatimiz va xalqimiz g‘amxo‘rligidan, mehnatlarimiz qadrlanib, biz kabi faxriylar e’zozlanayotganidan minnatdormiz, – dedi Xadicha Vafoyeva.
Ustoz va murabbiylar mehnatlari e’tirof etilib, yuksak ehtirom ko‘rsatilayotganidan mamnun bo‘lganliklarini bildirishdi.