Viloyat XTB doim rahbar va pedagog xodimlarni ziyoli sifatida samimiy va xushmuomala bo‘lishga chaqiradi

Foto:Daryo

Narpay tumani xalq ta’limi bo‘limining sobiq mudiri M.Yuldoshevning xodimlarga nisbatan qo‘pol munosabati, xalq ta’limi xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilgani bilan bog‘liq veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda turli ovozli yozuvlar, foto va videomateriallar tarqalib, jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

M.Yuldoshev ushbu xatti-harakati tufayli o‘z arizasiga muvofiq, Xalq ta’limi vazirining 2020 yil 8 iyundagi buyrug‘iga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etilgani ham jamoatchilikka ma’lum.

Ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lib o‘tgan ushbu holatlar yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasining munosabati bildirilmaganligi haqida fikrlar tarqaldi.

Bu haqda shuni ma’lum qilamizki, Narpay tumani xalq ta’limi bo‘limining sobiq mudiri M.Yuldoshev faoliyati bilan bog‘liq holatlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgach, nafaqat Narpay tumani, balki viloyat xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan barcha rahbar xodimlarning belgilangan vazifalarni qonun talablari asosida bajarishi, muassasalar rahbar va xodimlarining manfaatini hurmat qilish, ularning sha’ni, qadr-qimmatini oyoqosti qilmaslik yuzasidan 2020 yil 29 may kuni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonovning tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari hamda direktorlarga murojaati e’lon qilindi. Ushbu murojaat boshqarmaning rasmiy kanallarida, shuningdek, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining uza.uz, “Zarafshon” gazetasining onlayn nashri — Zarnews.uz saytlari va telegram kanallarida e’lon qilindi.

Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirligiga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan M.Yuldoshevga nisbatan mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda chora ko‘rishni so‘rab murojaat ham qilingan.

Joriy yilning 29 may kuni esa Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati tomonidan bu haqda ilk rasmiy munosabat ham bildirilgan.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyati sohada faoliyat olib borayotgan barcha rahbar va pedagog xodimlarni, nafaqat o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishga, shu bilan birga, ziyoli sifatida samimiy va xushmuomala bo‘lishga doim chaqirib kelgan.

Joriy yilning 11 iyun kuni Daryo.uz sayti orqali “Narpay tuman XTB mas’uli jinoyati uchun lavozimida ishlash huquqidan mahrum bo‘lgandi. Biroq u faoliyatini davom ettirmoqda” nomli maqola ham e’lon qilindi. Ushbu holat yuzasidan Narpay tumani XTBning kadrlar bo‘yicha yetakchi mutaxassisi G‘ulom Ismoilov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi o‘z arizasiga asosan, 2020 yil 1 iyundan e’tiboran bekor qilinganligini ma’lum qilamiz.

Darhaqiqat, Daryo.uz muxbiri tomonidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga taqdim etilgan, Jomboy tumanidagi 43-maktab direktorining faoliyati bilan bog‘liq audio va video materiallar xususida o‘rganish natijalariga muvofiq munosabat bildiriladi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.