Viloyatda eng ko‘p yuqumli kasallik bolalarda aniqlangan
Sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilmagan mingdan ziyod bog‘cha va maktab mas’ullari jarimaga tortilgan.
Bu haqda viloyat sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan press-turda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda ro‘yxatga olingan 39 turdagi yuqumli kasalliklardan 15 turi qorin tifi, patatiflar, kuydirgi, ko‘k yo‘tal, bo‘g‘ma, shol, meningit, qizilcha, quturish, tepki, bezgak, gripp va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar ro‘yxatga olinmagan. 16 turdagi salmonellyoz, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari, brutsellyoz, OITV/VICh, skarlatina, suv chechak, virusli gepatitlar, gepatit virusini tashuvchilar, surunkali gepatitlar, o‘tkir rkepirator virusli infeksiyalar, sil kasalligi, trixofitiya, pedikulyoz, enterobioz, shifoxona ichi ineksiyalari, kovid kasalliklari esa 41 foizga kamaygan. Afsuski, yetti turdagi qizamiq, zaxm, so‘zak, qo‘tir, teniarinxoz, leyshmanioz, geminolepidoz kasalliklari oshgan.
- Aholi o‘rtasida tarqalishi mumkin bo‘lgan epidemiya va yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida milliy emlash kalendar rejasi asosida 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi 97 foiz aholi emlandi, - deydi viloyat sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Latif Rustamov. - Jumladan, parazitar kasalliklar joriy yilning o‘tgan davrida 10 ming 963 tani tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2114 ta holatga kamaygan. Shuningdek, 9854 holatda virusli gepatit qayd etilib, o‘tgan yilga nisbatan 23 foiz kam kuzatilgan. Biroq virusli gepatitga qarshi vaksinatsiyalash milliy emlash dasturiga kiritilmagan hamda maktab va bog‘chalardagi hojatxonalar, qo‘l yuvish moslamalari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Shu bois bu yoshdagi bolalarda virusli gepatitning “A” turi ko‘p uchrayapti.
Shu yil bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘yicha 759 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida tekshiruv o‘tkazilib, sanitariya-gigiyena talablariga mos bo‘lmagan 528 ta bog‘cha hamda tekshirilgan 1060 ta umumta’lim muassasasidan 520 ta maktab rahbariga jarima chorasi qo‘llanildi.
Press-tur davomida boshqarma tasarrufidagi radiologiya, immunoprofilaktika bo‘limlari, virusologiya, bakteralogiya, sanitariya-gigiyena laboratoriyalari hamda media markaz faoliyati bilan ham tanishildi.