Voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda yengilliklar bor

Jinoyat-protsessual kodeksida voyaga yetmaganlarning jinoyat ishlarini yuritishga oid alohida bob xalqaro huquq talablariga mos ravishda belgilangan.

Jumladan, mazkur kodeksning 547-moddasiga ko‘ra, jinoyat sodir etganiga qadar o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning jinoyatlariga oid ishlarga jinoiy javobgarlik yoshi 14, 16 va 18 yosh qilib belgilangan. Bunda, javobgarlik yoshining voyaga yetmaganlarning ruhiy munosabati va qilmishning ijtimoiy xavfliligi hisobga olingan.

Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq, voyaga yetmaganlarning jinoyatlariga doir ishlarni yuritishda qonuniy vakillar va himoyachining ishtirok etishi shart. Ushbu kodeksning 51 va 52-moddasi talablariga ko‘ra, himoyachi uni huquqlarini ta’minlasa, qonuniy vakil uning fiziologik va ruhiy holatidan kelib chiqib, o‘zini himoya qilish imkoni cheklanganligi e’tiborga olingan.

Voyaga yetmaganning yoshi, shaxsiga xos xususiyatlari va salomatligi, turmush va tarbiyalanish sharoitlari va nihoyat katta yoshli dalolatchilar va boshqa ishtirokchilarning bor yoki yo‘qligi haqidagi mezonlar aniqlanishi belgilangan.

Shuningdek, voyaga yetmagan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining so‘roq qilinish jarayonining o‘ziga xosligi, so‘roq chog‘ida tergovchining ruxsati bilan voyaga yetmaganning qonuniy vakili, tergovchi yoki prokurorning ixtiyoriga ko‘ra, pedagog yoki psixolog ishtirok etishi belgilangan. Bundan tashqari, JPKning 553-moddasida voyaga yetmagan gumon qilinuvchi, ayblanuvchini so‘roq qilishga ketgan vaqti, kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda, olti soatdan oshmasligi kerakligi belgilangan.

Yosh ayblanuvchiga JPKning 237-moddasida nazarda tutilgan ehtiyot choralaridan biri, ya’ni ota-onasi, homiy, vasiylarning qaroviga, basharti u bolalar muassasasida tarbiyalanayotgan bo‘lsa, shu muassasa rahbarining qaroviga topshirilishi mumkin.

Shu bilan birga “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 12-bandida voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tayinlashda sudlar Jinoyat kodeksining 81-90-moddalarida belgilangan xususiyatlarni inobatga olishlari shartligi belgilangan.

Voyaga yetmaganlarga jazo tayinlash paytida uning rivojlanish darajasi, tarbiyasi, sog‘ligi, ruhiy rivojlanish darajasi, jinoyatni sodir etish motivlari, kattalarning uning xulq-atvoriga salbiy ta’siri haqidagi ma’lumotlar va boshqa holatlar baholanishi lozim.

O‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar jinoyat sodir etgan shaxs ish sudda ko‘rilayotgan vaqtda voyaga yetgan bo‘lsa ham, unga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati yoki miqdori JKning 82-85-moddalarida belgilangan maksimal muddat va miqdorlardan oshishi mumkin emas.

Amaldagi JPKning 563-moddasida voyaga yetmagan sudlanuvchiga hukm chiqarishda sud shartli yoki ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlansa, unga jamoat tarbiyachisi tayinlashi zarur. Bu esa kelgusida yangi jinoyat sodir etilishini oldini olib, sog‘lom turmush tarziga qaytish imkonini yaratadi.

F.Samatov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudining raisi.