Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining QARORI
SAMARQAND VILOYATINING 2019 YILGI MAHALLIY BYUDJET PARAMETRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksining (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami“, 2013 yil 31 dekabr, 52-(I)-con) 27, 99-moddalari, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993 y., 9-son, 320-modda;) 24-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet moʻljallari toʻgʻrisida“gi PQ-4086-sonli qaroriga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashi QAROR QILADI:
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet moʻljallari toʻgʻrisida“gi PQ-4086-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
- Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2018 yil kutilayotgan ijrosi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan tasdiqlangan Samarqand viloyatining 2019 yilga moʻljallanayotgan mahalliy byudjet parametrlari qabul qilinsin.
- 2019 yil viloyat mahalliy byudjetining daromadlar qismi
2 270 859,2 million soʻm, xarajatlar qismi 4 031 794,6 million soʻm hamda ijtimoiy soha uchun transfertlar 1 760 935,4 million soʻm va aylanma kassa mablagʻi meʼyori 28 916,0 million soʻm qilib belgilanganligi maʼqullansin va 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Samarqand viloyati hokimi (E.Turdimov):
2019 yil uchun tuman va shaharlar mahalliy byudjetlarining daromadlar va xarajatlar hajmlarini, viloyat byudjetidan subvensiyalar, oʻtkazib beriladigan daromadlar dotatsiyalar va maqsadli ijtimoiy transfertlarning cheklangan miqdorini;
mahalliy byudjet tarkibiga kiradigan tumanlar va shaharlar byudjetlariga umumdavlat soliq tushumlaridan ajratmalarning normativlarini;
viloyat byudjetining tuman va shahar byudjetlarining zaxira jamgʻarmalar miqdorini;
viloyat va mahalliy byudjeti tarkibiga kiradigan tumanlar va shaharlar byudjetlari aylanma kassa mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlarini tasdiqlasin.
- Tuman va shahar hokimlari byudjet daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlarining bajarilishini taʼminlasin, soliq bazasini kengaytirish hamda iqtisodiy salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar, byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
- Viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari (Sh.Xudoyberdiyev), viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), davlat soliq (Sh.Axmedov) boshqarmalari, shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda:
mahalliy davlat hokimiyati organlarining masʼuliyati va manfaatdorligini kuchaytirish, ularning daromadlar boʻyicha vakolatlari va xarajatlar boʻyicha majburiyatlarini oshirish maqsadida 2019 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar:
a) quyidagi daromadlar:
jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi, jismoniy shaxslarning mol-mulkni ijaraga berishdan olgan daromadlaridan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan soliq, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (elektr stansiyalaridan tashqari), yagona yer soligʻi, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi va ayrim turdagi xizmatlarni koʻrsatish uchun yigʻimlar, bozorlardan tushadigan daromadlar, qonunbuzarliklarning ayrim turlari uchun jarimalar tumanlar va shaharlar byudjetlariga;
viloyat byudjeti bilan tumanlar va shaharlar byudjetlari oʻrtasida taqsimlagan holda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yagona soliq toʻlovidan ajratmalar, alkogol mahsulotlari, pivo, benzin, dizel yoqilgʻisi va gazning chakana realizatsiyasiga aksiz soligʻi viloyat mahalliy byudjetiga oʻtkazilishi;
b) qoʻshilgan qiymat soligʻi tushumlarining bir qismi (tovarlarni import qilishda olinadigani bundan mustasno), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bundan mustasno), yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi (Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan toʻlanadigani, shuningdek, norezidentning daromadlaridan toʻlov manbaida ushlab qolinadigani bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti bilan viloyat byudjeti oʻrtasida taqsimlanishini nazarda tutsinlar.
- Viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari (Sh.Xudoyberdiyev), Markaziy bankning Samarqand viloyat bosh boshqarmasi (Q.Sobirov), viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), davlat soliq (Sh.Axmedov), davlat moliyaviy nazorati (M.Hamdamov), gʻaznachilik (X.Tuychiyev) boshqarmalari, shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda:
hududlarning daromadlar bazasini kengaytirish va iqtisodiy salohiyatini oshirish yuzasidan zarur choralar koʻrilishini;
daromadlar va xarajatlarning tasdiqlangan parametrlari bajarilishini;
byudjet xarajatlarini sifatli tarzda rejalashtirilishi va oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlasinlar.
Byudjet mablagʻlaridan manzilli, maqsadli hamda samarali foydalanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin.
- Viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari (Sh.Xudoyberdiyev) va viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev) mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmon, qaror va farmoyishlari, hukumat qaror va farmoyishlari hamda dasturlarida belgilangan tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida, mahalliy byudjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan qoplanmaydigan qismini moliyalashtirish manbalariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan aniqlik kiritish yuzasidan oʻrnatilgan tartibda murojaat etilishini taʼminlasin.
- Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
- Mazkur qaror “Zarafshon“ va “Samarkandskiy vestnik“ gazetalarida eʼlon qilinsin hamda hokimlikning samarqand.uz rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
- Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (Z.Karimov) va viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev) zimmasiga yuklatilsin.
Viloyat Kengashi raisi E.TURDIMOV
2018 yil 26 dekabr