Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasining samarqandlik saylovchilarga murojaati

Hurmatli saylovchilar!

Muhtaram otaxon va munis onaxonlar! Mamlakatimiz tayanchi bo‘lgan aziz yoshlar!

Mamlakatimiz ulkan siyosiy jarayonlar og‘ushida turibdi. 2019 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Bu yilgi saylovlar “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida ko‘tarinki ruhda, mamlakat tarixida ilk bor joriy yilning 25 iyun kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o‘tkazilmoqda.

Mazkur saylovlarda respublika miqyosida 20 million nafardan ortiq, jumladan, viloyatimizdan 2 million nafardan ko‘proq saylovchi ishtirok etadi.

Ovoz berish jarayonlari viloyatimiz hududida tashkil etilgan 1052 ta saylov uchastkalarida amalga oshiriladi. Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniga ega bo‘lmagan saylovchilar amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, mazkur uchkastkalarda muddatidan oldin ovoz berdilar. Bu sa’y-harakatlarni xorijiy mamlakatlardan kelgan xalqaro kuzatuvchilar ham e’tirof etmoqda.

Saylov kodeksining 37-moddasiga asosan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilgan kishilar, xalqimiz o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan yurtdoshlarimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olingan.

Aziz samarqandliklar!

Saylovda har bir saylovchi o‘zi istiqomat qilayotgan hududidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlardan birini saylash huquqiga ega.

Ovoz berish jarayoni 22 dekabr kuni ertalab soat 08.00 dan boshlanib 20.00 ga qadar davom etadi.

Ishonamizki, har bir saylovchi “Vatan kelajagi uchun ovoz beraman!”  degan ezgu shiorga amal qilib, o‘ziga tegishli saylov uchastkasiga shaxsan borib, konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda jonajon O‘zbekistonimizning nurli istiqboli yo‘lida o‘zi istagan, munosib nomzodga ovoz beradi!

Fursatdan foydalanib, barchangizni kirib kelayotgan yangi – 2020 yil bilan tabriklaymiz. Yangi yilda yangi zafarlar va oilaviy baxt tilaymiz!

Salohiddin NURIYeV,

xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi raisi.