Xalq maqoli xalqni tarbiyalaydi

 

Biz bu imkoniyatdan foydalana olyapmizmi?

Xalq maqollarini xalq yaratadi. Yaratganda ham, yillar davomida ijtimoiy munosabatlar orqali sinab ko‘rib, pishitib yaratadi. Shu sababli ham maqollarda xalq, millat ruhi aks etadi.

Maqollar mukammal ijod namunasi, ulardagi nafaqat so‘zlar, hatto tinish belgilarini o‘zgartirsangiz ham mazmuniga putur yetadi. Xalq maqollari milliy mentalitet sandig‘i.

Xalq maqollarini o‘qish, anglash orqali biz nafaqat tilimizning nafosatini, balki millatimiz tafakkuri qudratini ham ko‘nglimizga, shuurimizga joylaymiz. Ehtimol, shuning uchun ijodkorlar boshqa xalqlar maqollarini havas va ishtiyoq bilan tarjima qiladilar. O‘qirmanlarda ham ularni yodlab olishga, davralarda ishlatishga mayl kuchli.

O‘zbek xalq maqollari 30 ga yaqin tillarga tarjima qilingani to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘qigandim. Bugun kitob do‘konlarida boshqa xalqlar maqol, hikmatli so‘zlari jamlangan ixcham kitobchalar ko‘paygan. Ijtimoiy tarmoqlar esa ularni zo‘r berib targ‘ib qilyapti.

Shunday paytda ko‘nglimdan bir og‘riqli savol kechadi: nega biz keyingi paytda o‘zbek xalq maqollarini keng targ‘ib etmayapmiz?

Bunday deyishimning boisi bor. Hozir nima ko‘p – kitob chop etadigan nashriyot-u bosmaxona ko‘p, turli-tuman kitoblar nashr etilyapti. Afsuski, bu kitoblar orasida ham o‘zbek xalq maqollarini topish qiyin. Yaqinda poytaxtdagi kitob do‘konlarini kezib, na kirill, na lotin alifbosidagi bunday kitobchalarni topa oldim.

Ish yuzasidan ko‘plab idoralar rahbarlarining xonasiga kirishimga to‘g‘ri keladi. Shunday paytda rahbar stoliga yoki bor bo‘lsa, kitob javoniga zimdan razm solaman, ammo xalq maqollari kitoblariga ko‘zim tushmaydi. Kim biladi, ehtimol, aynan ana shu holat uchun ham ayrim  rahbarlarimiz jamoasi yoki aholi, aniqrog‘i, murojaatchi bilan suhbatda yetakchi ruhiga mos bo‘lmagan so‘z va iboralarni qo‘llashyaptimi?..  

Adabiyot fani muallimlari bilan uchrashuvda so‘radim, 30 nafar o‘qituvchining birortasi ham o‘zbek xalq maqollaridan o‘ntasini yoddan aytib bera olmadi. Vaholanki, ko‘plab adib va ijodkorlar (xususan, o‘zim ham) turli ruknlarda, salohiyati garchi maqollarga tortmasa-da, falsafiy fikrlar yozishni, ularni ixcham kitobcha qilishni o‘rganishdi. Abdulla Qahhorning aforizmlari, O‘tkir Hoshimovning «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitoblari hanuz qo‘lma-qo‘l, qayta-qayta nashr etilmoqda, hatto xorijiy tillarga o‘girilmoqda.

Demoqchimanki, bu janr, eng avvalo, hadislar, allomalar hikmatli so‘zlari va xalq hayoti, tajribasi natijasida yuzaga kelgan. Katta asarlarni o‘qish susaygani boismi, bilmadim,shunday kitoblarga ehtiyoj oshgan. Bu yaxshi holat, albatta.

Lekin maqollar, hikmatli so‘zlarni qachon keng targ‘ib qilamiz? Nega hammaning nigohi tushadigan, doimiy e’tibordagi joylarga odamlarni ezgulikka boshlovchi, ularga saboq bo‘ladigan, noto‘g‘ri yo‘ldan qaytaradigan maqollarni yozib qo‘ymaymiz?

Ko‘chaga nazar solsang, reklamaning shunaqa turlari paydo bo‘lganki, ularning jozibasi ko‘zni qamashtiradi. Ming afsuski, biron joyda, hatto oliy o‘quv yurtlarida ham xalq maqollari yozilgan tashqi reklama vositalarini ko‘rmaysiz. Harqalay, ta’lim maskanlari va shifoxonalarda allomalarimiz ibratli so‘zlarini yozib qo‘yishgan, shunisiga ham shukr.

Nazarimda, o‘zbek maqollarining o‘qilishini tashkil etishda hozirjavoblik mavridi keldi, bu ishni kechiktirib bo‘lmaydi. Buning uchun ayrim takliflarni bildirishni joiz topdim.

Birinchidan, «O‘zbek xalq maqollari»  kitobi aholining turli qatlami, jumladan, yoshlarga, keksalarga, turli sohalar kishilariga mo‘ljallab amaldagi va yangi alifboda chop etilishi zarur.  Bolalar uchun albatta, rasmlar bilan bosilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xalq maqollari mazmunini bolalikdan, yoshlikdan o‘zlashtirish kishi shuuridagi milliy ruhni kuchaytiradi.

Ikkinchidan, har bir oilada, idora rahbari stolida xalq maqollariga oid kitoblar bo‘lishiga erishmoq zarur. Ishonchim komil, har kuni o‘z xalqining maqollariga bir ko‘z yugurtirgan kishi, albatta, pand-nasihat uchun so‘z boyligiga ega bo‘ladi. Ota-onaning maqollarni bilishi va o‘qib turishi esa bolada havas uyg‘otadi.

Uchinchidan, barcha idoralar, tashkilotlar, xususan, o‘quv maskanlari hovlilarida, bino devorlarida o‘zbek xalq maqollari yozib qo‘yilishi shart. Chunki bu uslub ham bebaho hamda ta’sirchan saboq, tahsil hisoblanadi. Ko‘rib – ko‘z o‘rganadi, o‘qib – dil ravshanlashadi, anglab – fikr teranlashadi.

To‘rtinchidan, badiiy asarlarda o‘zbek xalq maqollari va iboralari qo‘llanilishini o‘rganishga doir ilmiy tadqiqotlarni ko‘paytirish zarur. «O‘zbek frazeologik lug‘ati»ning fundamental nashrini tayyorlash chog‘i ham keldi. Bu savobli ishni Samarqand davlat universiteti olimlari, professorlar Hamdam Berdiyorov va Bekmurod Yo‘ldoshev boshlab,  ixcham xrestomatiya ham chiqarishgandi, biroq keyinchalik bunga e’tibor susaydi.

Beshinchidan, barcha ommaviy axborot vositalari – bosma nashrlar, televideniye, radio, internet saytlar xalq maqollarini berib borsa, ya’ni ko‘pchilikka eslatib tursa yomon bo‘lmasdi.

Xalq maqollari shu xalqning uzoq yillik tarixi davomida ijtimoiy munosabatlarda yuzaga kelgan turmush tarzining ifodasi. Uni tartib, axloq kodeksi yoki nizom o‘rnida qabul qilishgan. Demak, xalq maqollarini puxta o‘zlashtirish, eng avvalo, milliy mentalitet barhayotligini ta’minlaydi, odamni fikrlashga, tartibga o‘rgatadi. Bu xislatlar esa, o‘z o‘rnida millatning ijtimoiy faolligiga ko‘maklashadi.

Farmon TOShEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.