Xalq ta’limi vazirligi: 1200 ta maktabda elektron kundalikdan foydalaniladi

Bu yilgi yangi o‘quv yilidan boshlab Respublikamizning 1200 ta maktabida qog‘oz kundaliklar va jurnallar bekor qilinadi. Bu bir tomondan o‘qituvchilarni qog‘oz jurnallarni to‘ldirish va hisobotlarni qo‘lda yozishga ketadigan vaqtlarini iqtisod qilish bilan birga ota-onalar va maktab orasida elektron hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Elektron kundalik sizlarga onlayn rejimda maktabdagi barcha voqealar va farzandingizning baholaridan xabardor bo‘lish, sinf rahbarlari va boshqa o‘qituvchilar bilan aloqani ushlab turish hamda bolaga ta’lim jarayonidagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga o‘z vaqtida yordam berish imkonini yaratadi.

Kundalik.com TAS-IX zonasida joylashgan bo‘lib, platforma bilan ishlaganda barcha operatorlar, jumladan mobil operatorlar tomonidan internet-trafik sarflanmaydi.

Foydalanuvchilar haqidagi hamma ma’lumotlar “O‘zbektelekom” serverlarida saqlanadi. Bu ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilari haqidagi shaxsiy ma’lumotlar ishonchli himoya ostida ekanini bildiradi.

Ushbu tizimga to‘liq o‘tish orqali, ota-onalar sinf rahbari bilan Telegram va boshqa messenjerlar orqali bog‘lanishiga hojat qolmaydi, natijada unga ketayotgan trafik ham iqtisod qilinadi va telegram orqali shaxsiy ma’lumotlarni tarqab ketishi oldi olinadi.

Qator tadqiqotlarga ko‘ra, ota-ona nazoratini his qiladigan bolalarning o‘qishga qiziqishi yuqori bo‘ladi, ular darslarda faolroq qatnashadi hamda o‘z iste’dodlari va salohiyatini ko‘proq namoyish etadi.

Oxirgi 2 yilda o‘qituvchilar uchun majburiy bo‘lgan 7 ta hujjat o‘rniga, faqat shu 1 dona elektron jurnal tizimi bilan ishlash bo‘yicha imkoniyat yaratildi. Qog‘ozdan butunlay voz kechib, elektron jurnalga o‘tilishi o‘qituvchining ham ishini yengillashtiradi va vaqtini tejash imkonini beradi. Tejalgan vaqtni o‘qituvchi o‘quvchilar bilan ijodiy ishga yoki o‘zining kasb mahoratini oshirishga sarflashi mumkin.

Xalq ta’limi vazirligi 2020-2021 o‘quv yili boshlanishidan oldin Toshkentdagi barcha hamda viloyatlardagi mingga yaqin maktab o‘quvchilarning ota-onalariga qog‘oz kundalik xarid qilish o‘rniga uning elektron muqobili Kundalik.com'ga obuna bo‘lish zarurligini ma’lum qiladi. Elektron Kundalik joriy etilayotgan Respublikaning qolgan hududlaridagi maktablardagi ota-onalarga maktab ma’muriyati tomonidan bu haqda e’lon qilinadi.

Kundalik.com'ga obuna bo‘lish bahosi qog‘oz kundalikning o‘rtacha bahosiga teng (bir yilga 10 ming so‘m). Dastlabki oy davomida ota-onalar tizimdan sinov tariqasida foydalanish imkoniyati mavjud.