Xalq ta’limi vazirligi farzandini maktabga yubormaydigan ota-onalardan uyida zarur shart-sharoit yaratib berishlarini so‘raydi

Hurmatli ota-onalar!

III chorakdan barcha maktablarda o‘quv jarayonlari to‘liq an’anaviy shaklga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab tushunmovchilik va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Aytish joizki, mamlakatimizda maktablar 2020 yil sentyabr oyidan sanitar-epidemiologik talablarga javob bergan holda bosqichma-bosqich faoliyatini tikladi.

Qishki ta’tildan avval, respublika o‘quvchilarining 90 foizi an’anaviy ta’limga qaytdi. Qolgan 10 foiz o‘quvchilarni ham kelajagiga befarq bo‘lmay, ularni ham maktab ta’limiga bevosita qamrab olish maqsad qilingan edi.

Xalq ta’limi vazirligi havotirga o‘rin yo‘q ekanligini, uyida kasallik tarqalishiga havotir katta bo‘lgan, keksa odamlari bor hamda salomatligida surunkali xastaligi bo‘lgan o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun parallel ravishda “Onlayn-maktab” loyihasi ham davom ettirilishini ma’lum qiladi.

Bunday oilalar avvalgi chorakdagidek o‘qishlarini uyidan davom ettirishlariga imkoniyat yaratiladi.

Aziz ota-onalar!

O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda ularga karantin davrida o‘qituvchilari va tengdoshlari bilan o‘zaro bevosita muloqot yetishmagani aniqlandi.

Maktabga bormayotgan o‘quvchilar esa afsuski, ana shunday imkoniyatdan mahrum bo‘lib qolmoqda, bola uchun do‘stlari bilan doimiy muloqotda bo‘lish va ular bilan bir jamoa bo‘lib ta’lim olish juda muhim, hech qanday eng zamonaviy texnologiya aynan shu muhitni bola uchun ta’minlab bera olmaydi.

Shu o‘rinda farzandini maktabga yubormaydigan ota-onalardan, ularning vaqtini besamar o‘tkazmasliklari hamda uyda ta’lim olishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib, ularni to‘liq nazoratga olishlarini so‘rab qolamiz.