Onlayn darslar o‘zini oqlamagani aytildi
Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Azim Soliyev bir qator masalalar bo‘yicha jurnalistlarga ma’lumot berdi.
Soliyevga ko‘ra, maktablarda pandemiya tufayli tashkil etilgan onlayn darslar o‘zini oqlamagan, 65 foiz o‘quvchi onlayn dars qilmagan. Maktab, shahar bosqichidagi fan olimpiadalarida bu holat mutaxassislar tomonidan aniqlangan.
Yangiliklardan yana biri shahardagi 43 ta maktab kundalik.com’ga ulangan. Ammo ota-onalarning atigi 40-43 foizi farzandining olgan bahosini kuzatib boryapti. Qolgan ota-onalar esa, haftada bir marta bo‘lsa-da, internet orqali kundalik.com’ga kirmayapti. Bu degani, 60 foiz ota-ona farzandining maktabda necha baho olayotganini bilmaydi.
Ayrim maktablarda hamon “maktab fondi”, “sinf fondi” uchun yig‘ilayotgan pullar haqida xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i quyidagicha izoh berdi:
- Ba’zi maktablarda “sinf fondi” uchun yig‘ilayotgan pullarni surishtirdim. Bu pullar sinfni tozalash uchun farroshga yig‘ib berilayotgan ekan. Aks holda farrosh faqat koridorni tozalar ekan. Axir uning vazifasiga ma’lum kvadrat metrni tozalash kerakligi kiritilgan.
Sinf xonalar ham buning ichiga kiradi. Farroshga belgilangan miqdorda maosh to‘lanadi. Ortiqcha pul yig‘ib berishga hojat yo‘q, - deydi shahar XTB boshlig‘i.