Mutaxassis taklif beradi: Talabalarni an’anaviy ta’limga qaytarish kerakmi yoki yo‘q?

Oliy o‘quv yurtlari talabalarini 2 noyabrdan boshlab an’anaviy, ya’ni auditoriyalarda bo‘ladigan o‘qishga qaytarish masalasi muhokama etilmoqda. Taklif etilayotgan rejaga ko‘ra, birinchi kurs talabalari hamma fanlarni, qolgan kurslarning talabalari esa laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlarni auditoriya va laboratoriyalarda, ma’ruzalarni esa onlayn rejimda tinglaydi. Albatta, talaba ham, professor-o‘qituvchi ham auditoriyani sog‘ingan, bu tabiiy. Lekin ikkinchi tomondan bu yo‘lda bizni nimalar kutyapti? Buni imkon qadar aniq tasavvur qilish kerak.

Birinchidan, respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydigan talabalarning soni 2016 yilga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘paydi. O‘quv xonalari hozircha yetsa kerak. Shaharlardagi ko‘pchilik litsey va kollejlarning binolari OTMlarga berildi. Yotoq joylari-chi? Bunday vaqtda odamlar o‘zining bo‘sh uylarini talabalarga ijaraga beradimi? Ba’zi talabalar oldin o‘zlarining qarindoshlarinikida yashardi. Pandemiya vaqtida bu an’ana davom etadimi? Hozircha bu savollarga ijobiy javob yo‘q. Agar aqliy mehnat qiluvchi talaba yaxshi dam olmasa, dars tayyorlash uchun qulay sharoit bo‘lmasa, auditoriyada olgan bilimning foydasi kam bo‘ladi.

Ikkinchidan, eng savodli, malakali professor-o‘qituvchilarning yoshi katta, ba’zilari pensiya yoshida. Shuning uchun ularning ba’zilari tavakkal qilib, o‘z hayotini tahlikaga qo‘ymaydi, ariza yozib ishdan bo‘shaydi. Ba’zilarining farzandlari shunday yo‘l tutishni maslahat beradi. Chunki Samarqand davlat universitetining fizika va kimyo fakultetlari o‘zining 5 ta eng yaxshi professor-o‘qituvchilarini yo‘qotdi. Yaqin yillarda ularning o‘rnini to‘ldirish juda qiyin. Ariza bilan ketadiganlarga bularni qo‘shib hisoblasak, bu yo‘qotishlar ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yevropa mamlakatlarida kuz boshlanib, odamlar yopiq xonalarga to‘plana boshlashi bilan Covid-19 ga chalinish keskin oshdi. Bu hol Yevropaning deyarli hamma mamlakatlarida, Rossiya va AQShda ham kuzatilyapti. Matbuot xabarlariga qaraganda, Fransiya va Shveysariyada talabalar 2 noyabrdan boshlab onlayn ta’limga o‘tkazilayapti. Xo‘sh, bizda-chi?. Nima qilish kerak degan savol tug‘iladi.

Menimcha, birinchi navbatda, tibbiyot institutlarining talabalarini auditoriya darslariga qaytarish kerak. O‘zlarining yotoqxonalari yetmasa, ularga boshqa OTMlarning yotoqxonalaridan joy berish lozim. Ular boshqalardan farqli, shaxsiy gigiyena va pandemiya vaqtidagi tartib-qoidalarga rioya etishadi. Yana, shunga o‘xshagan ko‘proq amaliyot bilan bog‘liq OTMlarning amaliyoti ko‘p bo‘lgan kurslarini an’anaviy o‘qishga qaytarish mumkin. Gumanitar yo‘nalishlardagi OTMlarning, fakultetlarning talabalarini auditoriyaga qaytarishning hojati yo‘q.

Fizika, kimyo, biologiya va yana ba’zi yo‘nalishlarning o‘quv rejalarida laboratoriya darslari ko‘p. Lekin OTMlarda rejadagi laboratoriya darslarini to‘laqonli o‘tish uchun asbob-uskunalar, zarur jihozlar, kimyoviy reaktivlar va hokazolar bormi? Menimcha, bu sohada ahvol ancha xarob. Oxirgi yillarda u-bu narsalar keltirildi. Lekin ular o‘quv rejalaridagi barcha laboratoriya ishlarini bajarish uchun yetmaydi. Shuning uchun laboratoriya darslarida talabalar laboratoriya ishining bayonini o‘qishdan, daftariga ko‘chirishdan (komissiyaga ko‘rsatish uchun) nariga o‘tmaydi. Bu masalada ham aniq hisob-kitobni olish kerak.

Hozir onlayn o‘qishda real ahvol qanday, ya’ni qayerlarda aloqa yomon bo‘lgani uchun talabalar darsga qatnashmayapti yoki aloqa bo‘lib turib bahomni yozdagiday qo‘yib beradi, degan kayfiyatda yurishibdimi? Yoki, talabaning ota-onasi kun bo‘yi ish bilan band qilyaptimi? Buni hech kim bilmaydi. Ammo o‘qiyman degan talabaga mustaqil o‘qish uchun imkoniyat paydo bo‘ldi. Vaqtni yo‘qotmay shundan foydalanish kerak.

Ota-onalar ham asosan kontrakt puli to‘lab o‘qitayapti. Uning uyda ta’lim olishi uchun sharoit yaratib berishi kerak. Bunga nimalar kiradi? Bitta kompyuter va ertalab soat 8:00 dan 13:00 gacha farzandini kompyuter oldidan qimirlamaydigan sharoitni yaratishi shart. OTMlarga hujjat topshirganlarning kamida o‘ntadan bittasi talaba bo‘lyapti. Shunday katta sinovdan o‘tgan talaba o‘qishning qadriga yetadigan bo‘lishi lozim.

Hozir imkoni bo‘la turib, Zoom dasturi orqali bo‘layotgan darslarga, masofaviy ta’lim saytlariga kirmayotgan, ya’ni o‘qishni xohlamaydigan talabalar, auditoriya darslari boshlansa, yaxshi o‘qiydimi? Bu xayol surishdan boshqa narsa emas, bunday bo‘lmaydi. O‘qiyman degani qamab qo‘ysangiz ham ilojini topib o‘qiydi, o‘qishni xohlamaganini urib-so‘kib ham o‘qitolmaysiz!

Hurmatli ota-onalar, talabalar! Auditoriya darslari boshlansa, talabalarni nimalar kutayotganini yuqorida aytdim. Lekin muhimi bu emas. Asosiysi farzandingizda virusni yuqtirish ehtimoli ortadi. Bu kasallik yoshu qarini ayamayotganiga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Shaharga yuborgandan keyin “Bolamga nima bo‘ldi?”, deb tinch uxlay olmaysiz. Undan ko‘ra, farzandingizga uyda sharoit qilib, nazoratga muhtoj bo‘lsa, o‘qishini nazorat qilib turishingiz yaxshi emasmi? Onlayn darslarga qatnashmayotganligi, internetga qo‘yilgan masofaviy ta’lim materiallaridan foydalanmayotganligi, mustaqil topshiriqlarni bajarmayotganligi uchun davlat OTMlarni ochishga majbur bo‘linyapti. Agar siz “Bersang yeyman, bermasang o‘laman” qabilida ish tutmasdan, bor imkoniyatdan foydalanganingizda edi, OTMlar professor-o‘qituvchilarini talafotsiz saqlardi. Sizlar ham farzandingizni pandemiyadan sog‘-salomat olib chiqardingiz.

Shuning uchun pandemiya sharoitida quyidagicha yo‘l tutishni maslahat beraman:

  1. O‘qishni onlayn shaklda davom ettirish.
  2. Aloqa yomon bo‘lgan joylarda yashab, darslarga qatnashmayotgan, masofaviy ta’lim platformasiga kirmayotgan talabalarni har 2 haftada bir marta kafedraga kelishini tashkil qilish kerak. Har kelganida kafedradan topshiriqlar, kutubxonadan tegishli kitoblar oladi, oldin olgan topshiriqlarning hisobotini topshiradi.

Agar buni qilishdan bosh tortsa, unga yon berishning hojati yo‘q. Talabani akademik ta’tilga chiqarish kerak. Pandemiya tugab, auditoriya darslari boshlansa, qolgan joyidan o‘qishni davom ettiradi. Chunki talabaning bilim, ko‘nikma va malakasiga qo‘yilgan asosiy talab pandemiyaga qarab o‘zgarmasligi kerak. Minimal talabga javob bermagan talabani kursdan kursga o‘tkazmaslik va diplom bermaslik lozim. Sizga bilim kerakmi? “Tuya yantoqqa bo‘ynini cho‘zgani”day, siz ham unga harakat qiling!

Abdulla QUVVATOV.