Uyda ta’lim olayotgan bolalarga tengdoshlari bilan teng imkoniyat yaratiladi

Tabiat qonuniga ko‘ra, hamma bola ham bir xil jismoniy va psixik imkoniyatga bo‘lavermaydi. Ammo ular ta’lim olish va boshqa huquqlarda teng. Qonunlarimizda belgilangan bu tamoyil ijrosi viloyat prokuraturasi tomonidan doimiy nazoratga olingan. Xususan, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtojligi sababli uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan bolalarning sog‘lig‘i, ta’lim olishi va ular tarbiyalanayotgan oilalarning ijtimoiy holati o‘rganib boriladi.

O‘tgan yili bu jarayon ikki bosqichda olib borildi. Birinchi bosqichda 1 668 nafar uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan bolalarning xonadonlari ishchi guruhlar tomonidan birma bir o‘rganildi. Bunda bolalarning ta’lim olishi, yashash sharoitlari, muammolari va ehtiyojlari o‘rganilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Shu asosda 330 nafarining tibbiy xizmatlar, 233 nafarida ta’lim olishi, 93 nafarida ijtimoiy tizim bo‘yicha muammolari mavjudligi aniqlandi. Ularni hal etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Tadbir rejasiga asosan homiylar va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bolalarning 105 nafariga dori-darmon, 87 nafariga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi, qo‘ltiqtayoq, hassa, xodunok va ortoped oyoq moslamasi berildi.

Uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan 111 nafar bolalarga badiiy adabiyot va darsliklar, 54 nafariga o‘quv qurollari, 44 nafariga o‘quv doskasi, parta va stul, 23 nafarining o‘qituvchisiga kompyuter (noutbuk) yetkazildi.

Shuningdek, 2 nafar bolaga logoped-o‘qituvchi biriktirilib, 31 ta oilaga ijtimoiy nafaqa tayinlandi. 27 ta oilaga moddiy yordam ko‘rsatilishi, 12 nafar ota-ona ishga joylashtirilishi ta’minlandi.

Davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarning 121 nafari viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, reabilitatsiya markazi va tuman tibbiyot birlashmalari hamda “Bionur” xususiy klinikasida bepul muolaja oldi. Zaruratdan kelib chiqib, 17 nafari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlandi.

Shu bilan birga, viloyat prokuroriga biriktirilgan Qo‘shrabot, Ishtixon va Payariq tumanlaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida masofaviy ta’lim olayotgan 300 nafar kambag‘al oila farzandlariga, xususan nogironligi bo‘lgan 20 nafar uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga internetdan bepul foydalanish imkoniyati yaratib berildi.

Ulug‘bek Muhammadiyev,

Samarqand viloyati prokurorining katta yordamchisi, adliya maslahatchisi.