Xalqaro kuzatuvchilar Samarqandda saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishmoqda
Shu yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatish uchun xorijiy kuzatuvchilar mamlakatimizga tashrif buyurmoqda.
Xususan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining parlament saylovlarini kuzatish bo‘yicha kuzatuvchilari Samarqand viloyatiga keldi.
Xalqaro kuzatuvchilar – Govart Nayt va Iren Fellmann xonim shu paytgacha Oliy Majlisga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglari faoliyati bilan tanishib, siyosiy partiyalarning viloyat kengashi raislari bilan uchrashdi.
Xorijlik mehmonlar bugun viloyat matbuot uyida bo‘ldi. Ular “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik” va «Ovozi Samarqand» gazetalarida partiyalar, deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari, g‘oya va maqsadlari qay tarzda targ‘ib qilinayotgani, shuningdek, saylovchilar bilan uchrashuvlarning yoritilishi bilan yaqindan tanishdi.
Bundan tashqari, xalqaro kuzatuvchilar saylov kampaniyasi haqidagi maqola va xabarlar, jumladan, targ‘ibot materiallarini bosma ommaviy axborot vositalarini chop etishda Saylov kodeksiga nechog‘lik amal qilinayotgani bilan ham qiziqdi.
– Yangi qabul qilingan Saylov kodeksida kuzatuvchi va vakolatli vakil institutining vakolatlari yanada keng yoritib berilgani, shu bilan birga matbuot nashrlarida berilayotgan maqolalar, televideniyeda tashkil etilayotgan ko‘rsatuvlarning ochiq-oshkora, sog‘lom raqobat va fikrlar xilma-xilligi saylovlarni shaffof va demokratik prinsiplar asosida o‘tishini ta’minlaydi, – deydi xalqaro kuzatuvchi Iren Fellmann xonim. – Albatta, bunda ommaviy axborot vositalarini ham qonun doirasidan chetga chiqmasligi muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan, saylovlar siyosiy partiya vakillari bilan birga siz, jurnalistlar zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.
O‘zaro muloqot chog‘ida xorijlik kuzatuvchilar shu paytgacha tanishganlari asosida viloyatimizda saylovlarga tayyorgarlik borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.