Xalqaro Mehnat Tashkiloti: O‘zbekiston majburiy mehnatga barham berishda "mislsiz samara"ga erishdi
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) 2018 yil uchun yangi hisobotini e’lon qildi. Unda O‘zbekiston bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berishda "mislsiz samara"ga erishgani aytilgan. Bu haqda XMT matbuot xizmatiga tayanib minbar.uz xabar beryapti.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda paxta yetishtirish sanoatida majburiy mehnatdan tizimli foydalanish tugatilgan. Bunday xulosaga XMT tadqiqotchilari 11 mingdan ziyod guvohning ko‘rsatmalari asosida kelgan.
"Hukumatning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berishga qaratilgan islohotlari samara berishni boshladi, lekin mahalliy darajada hali juda ko‘p to‘siqlar mavjud", – deyiladi hisobotda.
XMT bu boradagi siljishni qo‘lda terilgan paxta uchun to‘lov miqdori bilan ham bog‘laydi. Ba’zi qishloq aholisi uchun yangi narxlar tirikchilik qilish imkonini berdi.
Mazkur hisobot 1 aprel kuni Bryussel shahrida o‘tgan xalqaro konferensiyada e’lon qilingan. Konferensiyada bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyeva, mehnat va bandlik munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, XMT, Yevrokomissiya, Jahon banki vakillari qatnashgan.
Hisobotga ko‘ra, o‘tgan yili paxta terimiga chiqqanlarning 93 foizdan ortig‘i majburan olib chiqilmagan. Demak, talabalar, o‘qituvchilar, shifokorlarni majburlashga barham berilgan. Lekin kuzatuvchilarning fikricha, davlat muassasalari, agentliklar va korxonalar xodimlari mahalliy darajada majburiy mehnatga hamon jalb qilinmoqda. Oldinlari terim paytida katta muammo bo‘lgan bolalar mehnati umuman kuzatilmagan.
"2018 yildagi paxta terimi O‘zbekistondagi islohotlar jarayonida hamda bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi muvaffaqiyatli kurashda muhim bosqich bo‘ldi. Lekin terimchilarning muayyan qismi (7 foizi) paxta mavsumida majburiy mehnatga jalb qilingan, bu 170 ming odam degani", – deb hisoblaydi XMT bosh direktori yordamchisi hamda Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Xayns Koller.