Xalqaro yuk mashinasi haydovchilarida deyarli har kuni kasallik aniqlanyapti
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 5 ming 293 nafarga yetdi. 15 iyun kuni 76 nafar, kasallik qayd etilgandan buyon 4 ming 19 nafar, ya’ni 76 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 1 ming 255 nafar bemor davolanmoqda, 14 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Barcha bemorlar tibbiyot xodimlari nazorati ostida va tegishli standartlar asosida davolash muolajalarini olyapti.
Keyingi kunlarda kasallanganlar son jihatdan ortib boryapti. Bunga bir necha sabablar bor, xususan, karantinga olayotgan fuqarolarimiz soni ko‘paymoqda, xorijiy davlatlardan fuqarolarimiz olib kelinyapti. Hozirgi paytda 48 ming fuqaro kuzatuv ostida bo‘lib, 21 mingdan ortig‘i statsionar sharoitda karantinga joylashtirilgan. Ular orasida kasallik aniqlanishi muqarrar. Buni inkor qila olmaymiz. Oxirgi axborot taqdim etilgandan buyon yana 30 nafar fuqaroda kasallik qayd etildi.
Xalqaro yuk mashinasi haydovchilarida deyarli har kuni kasallik aniqlanyapti. Ular xizmat taqozosi yuzasidan xorijiy davlatlarga, ayniqsa, epidemik noxush hududlarga borib keladi. Respublika hududiga qaytib kelgan zahoti ulardan koronavirusga tekshirish uchun namuna olinib, 14 kun kuzatuvda bo‘ladi. Xorijiy davlatlardan kelgan haydovchilardan ham chegaradan kirgan zahoti namuna olib tekshiriladi. Tahlil natijalari manfiy bo‘lsagina, O‘zbekiston hududida harakatlanishi yoki boshqa bir davlatga o‘tib ketishiga ruxsat beriladi.