Xarajat qisqarib, daromad ortishi uchun Chin o‘lkasi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Xitoyning Qoshg‘ar viloyatida odamlar 30 sotix issiqxonasida tarvuz yetishtirib, hech qanday energiya sarf xarajatisiz (62 mingta tarvuz donasi 15 dollardan) 3 oyda 90 ming dollar daromad oladi, yana qayta ekinlarni ekish hisobiga ham qo‘shimcha daromad qiladi.

Shu yilning 21-25 aprel kunlari viloyat hokimining o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Qoshg‘ar shahri Shuli tumanida o‘tkazilgan «Bir kamar, bir yo‘l» ko‘rgazmasida ishtirok etdi.

Ko‘rgazma yakunida sabzavotchilik sohasida ilmiy tadqiqot olib boruvchi va mahsulotlar yetishtiruvchi Xitoy kompaniyalarining taqdimotlari hamda Samarqand viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimliklarining dehqonchilik va tomorqachilik haqidagi videolavhalari namoyish etildi. Muhimi, ko‘rgazma davomida Kattaqo‘rg‘on tumani, Qoshg‘ar shahar Shuli tumani va Veyfan shahri Xantin rayonlari o‘rtasida uch tomonlama bitimlar imzolandi.

Bundan tashqari, tarvuz, qovun, pomidor, qulupnay va boshqa mahsulotlarni issiqxonada yetishtirish jarayoni va texnologiyalari bilan tanishdik. Ushbu texnologiyalar asosida "Unell Biotechology CO.LTD" kompaniyasi bilan 200 gektar issiqxonalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga kelishildi.

Manzarali daraxt ko‘chatlari ekish va parvarish qilish, zamburug‘ yetishtirish usullarini borib ko‘rdik. “Tash Xinjiang Agricultural Development CO.,LTD” kompaniyasi bilan issiqxonada zamburug‘ ekish va parvarish qilish bo‘yicha 3 million dollarlik kelishuv bitimi imzolandi.

Xitoy Xalq Respublikasi Qoshg‘ar va boshqa provinsiyalaridagi iqlim sharoiti viloyatimizdagi bilan mos kelishiga guvoh bo‘ldik. Demak, tabiiy savol tug‘iladi, Xitoy mirishkorlaridan o‘rganadigan qanday jihatlar bor?

Nima o‘rganamiz?

Chin o‘lkasida qishloq xo‘jaligi sohasida o‘rganadiganlarimiz juda ko‘p, deb o‘ylayman. Masalan, issiqxona xo‘jaligi, g‘o‘za agrotexnikasi, meva-sabzavot, poliz yetishtirishdagi zamonaviy agrotexnik tadbirlar.

Umuman, fermer xo‘jaliklarimiz va tadbirkorlarimiz xitoyliklar yoki boshqa xorijiy davlatlardagi hamkasblaridan kam xarajat qilib, ko‘p daromad olish, innovatsion, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlaridan keng foydalanish yo‘llarini o‘rganishi kerak.

Xitoyda tuproqdagi namni saqlab qolish, tashqi omillarning salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida chigit to‘liq plyonka ostiga ekiladi. Bunda g‘o‘za agrotexnikasida sug‘orish ishlari to‘liq suv tejovchi texnologiyalar orqali amalga oshirilib, butun vegetatsiya davrida suv sarfi 45-50 foizgacha qisqarishi, qator orasiga, zararli organizmlar va kasalliklarga qarshi ishlov berish 1 barobarga kamayishi, oziqlantirishda o‘g‘it sarfi 40 foizgacha kam talab etilishi menda hayrat uyg‘otdi.

Xabaringiz bor, bugungi kunda turli qishloq xo‘jaligi ekinlari xorij, jumladan, Xitoydan keltirilyapti. Savol tug‘ilishi mumkin, bu amaliyotning hosildorlikni oshirish, pirovardida, daromad yuqori bo‘lishidan boshqa yana qanday afzalliklari bor?

Xorijdan keltiriladigan yangi urug‘larning mintaqamizdagi mavjud o‘simlikning zararli organizmlariga va kasalliklariga chidamliligi, unuvchanligi yuqor bo‘lganligi sababli ekishda urug‘ sarfi kam bo‘lishi, eng asosiysi, yangi navlar almashinuviga erishiladi.

Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor, bizningcha. Bu borib-borib, sohada boshqalarga mute bo‘lib qolishimizga sabab bo‘lmasligi kerak. Shu bois xorijdan olib kelingan yuqori avlodli urug‘lardan olimlarimiz bizning iqlim sharoitimizga mos keladigan raqobatbardosh navlar yaratishi kerak. Keyingi bosqichda dehqonlarimizga qulay narxlarda yetkazib berishni tashkil qilsak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Hamkorlik 9 yo‘nalishda bo‘ladi

Xitoydan ko‘p narsani o‘rganish, sinalgan tajribalarini viloyatimizda keng qo‘llash choralari ko‘rilmoqda.

Bunda birinchi navbatda suvdan samarali foydalanish tizimiga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki viloyatda 260 ming gektar sug‘oriladigan yerga 2389 million kub suv sarflanmoqda. Agar suv tejamkor texnologiyalarni joriy qilgan holda suv resurslaridan samarali foydalansak, ikkita Samarqandga yetadigan suv manbalarimiz bor.

Ikkinchi yo‘nalishda Xitoyning bug‘doy yetishtirish tajribasi. Xitoy dunyoda eng ko‘p aholiga ega bo‘lgani holda ichki ehtiyojlarini qondirish barobarida boshqa davlatlarga ham bug‘doy yetkazib berayotganligi har qanday ongli insonni qoyil qoldiradi.

Bundan tashqari, sabzavotchilik va paxtachilikda ham xitoylik mirishkorlar tajribasini ommalashtirish rejalashtirilmoqda. Taqqoslash uchun aytish mumkin, viloyatda 73,3 ming gektar maydonda paxta ekilib, o‘rtacha hosildorlik gektaridan 30-35 sentnerni tashkil etadi. Xitoy tajribasida esa 70-80 sentner ekan.

Aslida Xitoy tomorqachiligi alohida mavzu. Qoshg‘ar hududidagi yerlarga nisbatan bizning yerlarimiz unumdorligi juda yaxshi, shunday bo‘lsa-da, ular bizdan 10 karra ko‘proq daromad olayotganligiga guvoh bo‘ldik. Misol uchun, 30 sotix issiqxonada tarvuz yetishtirishda hech qanday energiya sarf xarajatisiz (62 mingta tarvuz donasi 15 dollardan) 3 oyda 90 ming dollar daromad olayotganligi, yana qayta ekinlarni ekish hisobiga ham qo‘shimcha daromad qilishyapti.

Tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha Xitoy tajribasini joriy qilish uchun viloyatimizga 110 nafar rahbar-mutaxassis taklif qilinyapti. Ular 2 yil davomida yer uchastkalaridan qanday va qancha daromad olishni o‘rgatishi ko‘zda tutilgan.

Xitoyda kanakunjutdan ipak qurti boqish yo‘lga qo‘yilgan, ushbu tajribani ham viloyatda joriy qilib, kanakunjut daraxt ko‘chatlarini ekish, ipak qurti boqishni eksperiment tariqasida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bir yilda sakkiz martagacha ipak qurti yetishtiradigan Chin o‘lkasidagi hamkorlar bilan ipak qurti urug‘ini yetishtirish, boqish va qayta ishlash bo‘yicha pillachilik klasteri tashkil etiladi.

Hamkorlikning yettinchi yo‘nalishi parrandachilik, keyingisi esa charm-poyabzal bo‘yicha. Parrandachilik bo‘yicha to‘xtalish shartmasdir, lekin yurtimizda mavjud teri va jun mahsulotlari xomashyo sifatida (arzon narxlarda) Turkiya hamda boshqa davlatlarga sotilib, tayyor mahsulot sifatida o‘zimizga qayta sotilayotganini ko‘pchilik bilmasa kerak. Shu bois Xitoy ishbilarmonlari bilan charm-poyabzal va terini qayta ishlash klasterini tashkil qilish taklifi ilgari surilmoqda.

Bundan tashqari, Narpay tumanida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil qilish maqsadida 180 gektar yer maydoni ajratilgan. Tanlangan yer maydoni xalqaro ahamiyatdagi avtomobil va temir yo‘l bo‘yida joylashgan bo‘lib, barcha zarur infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlari mavjud.

Bu yerda Xitoy kompaniyalarini jalb qilgan holda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish sanoat parkini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha texnikalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, yurtimiz bo‘ylab qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish va servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha yirik markaz paydo bo‘ladi.

Abror Rabbimov, viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi.