Xarid chekini so‘rashdan uyalmayman!

-A’lo, bu “Iste’molchi”  tashkilotimi? Arzim bor edi,  bozordan dazmol sotib oluvdim. Bir oygina ishlab buzilib qoldi.  Do‘konga olib borsam, qaytarib olishmadi. Bizdan olmagansiz, deyishyapti!  Buni isbotlab berolmayapman,  yordam bering!!!”

-Mahsulotni sotib olganingizda xarid cheki, kafolat xati berishmaganmidi?

-Qanaqa chek,  qanaqa kafolat xati, u nega kerak?

Tan olish lozim,  ba’zan shunday vaziyatlar ham uchrab turadi. O‘zbekchiligimizga,  soddaligimizga boramizmi, qoidalarga e’tibor bermaslikka odatlanib qolganmiz. Agar xaridor mahsulotni xarid qilgan joydan yuqoridagi hujjatlarni olganida, bu tashvishlar bo‘lmasligi aniq edi. Mahsulotning hujjati bo‘lmasa, kimga, nimani, qanday qilib isbotlaysiz?  Kafolat xati mahsulotni  kafolat muddati davomida buzilib qolsa, bepul servis xizmati imkonini bersa, xarid cheki esa, mahsulotning  sifatini  ta’minlab, yoqmasa, almashtirib olishi mumkinligini anglatadi.

Bu masalaning oddiy, maishiy tomoni edi.  Vaziyatga boshqacharoq, yuqoriroqdan  nazar tashlasak nima bo‘ladi? Tadbirkor do‘koniga kassa apparati, terminal o‘rnatmasa, buni xaridor talab qilishni o‘rganmasa, buning natijasi o‘laroq  davlat iqtisodiyoti oqsayveradimi? Byudjet tushumining  kamayishiga, xufyona iqtisodiyotga yo‘l ochadigan bu kabi arzimasdek tuyuladigan xatti-harakatlarimiz  avvalo “o‘z oyog‘imizga o‘zimiz tushov solishimiz” emasmi? Daromad manbaini yashirgan  tadbirkorning halolligiga ishonish mumkinmi?  Soliqchilar xarid chekiga antiqa ta’rif berishgan  -  har bir xarid cheki byudjetga tushayotgan   tomchi kabidir. Toma-toma ko‘l bo‘lar, deyishadi, axir! 

Maqsadlarimiz katta -  yurtimizni obod qilamiz, yo‘llarni ta’mirlaymiz,  turmush sharoitlarimizni yaxshilaymiz deymiz. Nimaning hisobiga? Buning uchun mahalliy byudjetda daromad yetarli bo‘lishi kerak emasmi?

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, bir kunda necha marta do‘konga kirasiz? Yoki savolni boshqacharoq beraylik – bir kunda necha so‘mlik xaridlarni amalga oshirasiz? Ko‘pchiligimiz xarid chekiga yuqoridagi fuqaro singari past nazar bilan qaraymiz! Mana, muammoning ildizi qayerda!

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning  tashabbusi bilan  viloyatda o‘tkazilayotgan “XARID ChEKINI TALAB QILIB OLING!”  aksiyasidan ko‘zlangan maqsad ham tadbirkorga o‘z mas’uliyatini yana bir bor his ettirish, iste’molchilarga esa huquqlarini yana bir karra eslatib qo‘yishdan iboratdir.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Samarqand viloyat hududiy birlashmasi mutasaddilari bugun joylarda mazkur loyihaning mazmun-mohiyati xususida tushuntirish, huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirishmoqda. Zero, bir oddiygina xatti-harakatimiz zamirida yurtimiz farovonligi, mahallalarimiz, xonadonlarimiz obodligi kafolati yashiringan.  TORTINMANG,  UYaLMANG, XARID QILDINGIZMI, ChEKINI SO‘RANG!  Zero, siz bu ishingiz bilan fidoyi, vatanparvar fuqaro ekanligingizni, yurtingiz kelajagi uchun qayg‘urishingizni isbotlaysiz!

Gulchehra Berdiyorova.