Xattotlik san’ati: Sabr mevasi, joziba va mo‘’jiza
Xattotlik go‘zal san’at turlaridan biri. U nozik did va iste’dod talab etuvchi soha hisoblanadi.
Bu hunar bilan har kim ham shug‘ullana olmaydi. Sababi, ushbu san’at turi juda ko‘p vaqt, katta sabr, o‘ziga xos malakani talab qiladi.
Ma’lumki, qadimdan xattotlik bilan asosan erkaklar shug‘ullanib kelgan. Ammo Samarqand shahrida yashovchi Aziza Sobirova bu hunarning mohir ustalaridan qolishmaydigan darajada o‘rgandi.
"Hunarmand" uyushmasi a’zosi A.Sobirova 10 yildan buyon ushbu san’at bilan shug‘ullanib kelmoqda. Shu vaqt davomida Samarqand qog‘oziga to‘rtta 60-80 hajmda kufi, naxs, suls xatida Qur’on kitobini ko‘chirishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirgi paytda beshinchi kitobni boshlagan. Ayni paytda xattot “Boqiy shahar” majmuasida ustaxona ochib, besh nafar xotin-qizga xattotlik sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda.
U kelgusida uch metrga bir yarim metr kattalikda muqaddas kitob tayyorlashni maqsad qilgan.