Xayr-saxovat yurakdan qilinadi, ko‘z-ko‘z uchun emas

Inson yashar ekan, albatta, atrofidagilar bilan muomala qiladi, aloqa o‘rnatadi. Bu bog‘lanishsiz inson jamiyatda yashay olmaydi. Shu sababdan ularning bir-birlariga ehtiyoji bo‘ladi.

Kimlarningdir ma’naviy, iqtisodiy, jismoniy yoki boshqa turdagi ko‘magi va yordamiga muhtojlik sezasiz. Shu lahzalarda insonning qadr-qimmati, kimligi va qandayligi namoyon bo‘ladi. Bu holat yaqinda yurtimizda kuzatilgan anomal sovuq kunlarda yaqqol sezildi.

Ayozli kunlarda aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand qatlamiga yordam ko‘rsatish maqsadida hokimliklar, yirik tashkilotlar va tadbirkorlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh va ko‘mir tarqatildi. Sinovli kunlardagi bunday xayrli ishlar tahsinga loyiq, albatta. Ammo jarayonni ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish, ommaga jar solish ommalashib ketgandek nazarimda.

Bir tanishim shunga o‘xshagan holatni aytib qoldi: "O‘g‘lim birinchi guruh nogironi. Hozir katta yigit bo‘lib qolgan. Ko‘pchilikning oldida nogironligi haqida gapirilsa, ko‘ngliga olib, xafa bo‘ladi. Yaqinda imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olib yurgan bir guruh mutasaddilar uyimizga oziq-ovqat, kiyim-kechak olib kelibdi. O‘g‘lim ularning oldiga chiqmayman, deb turib oldi. Zo‘rg‘a esdalik uchun suratga tushishga ko‘ndirdim.

Rosti, mutasaddilarning sovuq kunlarda yo‘qlab kelganidan, yordam berayotganidan xursand bo‘lgandik. Lekin o‘g‘lim o‘zining aravachadagi suratini ijtimoiy tarmoqda ko‘rib, rosa xafa bo‘ldi, yig‘ladi. To‘g‘risi, o‘zim ham ranjidim. Faqat esdalikka suratga tushamiz, deyishgandi. Lekin arzimagan muruvvatni olamga jar solishibdi. Bizga bunaqa soxta muruvvat, minnatli non-osh kerak emas..."
Aslida aytib qilingan yaxshilik minnat. Axir saxovat, xayrli ishlar har bir kishining dilida bo‘ladi, ko‘z-ko‘z qilinmaydi.
Xalqimizda minnatli osh tatimas degan hikmat bor. Mayli, bu kimgadir hisobot uchun kerakdir, lekin imkoniyati cheklangan, xasta kishilarning uyiga biror narsa olib borib, uning ruxsatisiz suratga, videoga tushirib, ijtimoiy tarmoqda tarqatish orqali ko‘ngli kemtik insonning dilini og‘ritish qanchalik to‘g‘ri?

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.