Xayrli tong azizlar!

21 fevral - Xalqaro ona tili kuni

YuNESKO tashkiloti tomonidan  21 fevral – Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilingan. Mazkur sana 2001 yildan buyon xalqaro miqyosda  nishonlanib kelinmoqda.

Xalqaro ona tili kunining mazmun-mohiyatida har bir xalqning o‘z milliy tafakkuri, ma’naviyati, ruhiyatining o‘zagini tashkil etadigan tilga alohida muhabbatning belgisi o‘z aksini topadi. Mazkur kun ona tili bayrami sifatida nishonlanar ekan, bu bayram munosabati bilan har bir insonning o‘z Vatani va o‘z tiliga bo‘lgan muhabbati, unga bo‘lgan ehtiromi, qadrlash tuyg‘ulari yangilanadi.

XALQARO TILLAR — turli davlatlar xalqlarining aloqa vositasi bo‘lib xizmat qiladigan tillar. Tabiiy tillarga va sun’iy tillarga bo‘linadi. Tabiiy tilning xalqarolik vazifasi aniq bo‘lsa-da, milliy yoki qabilaviy tillardan foydalanishga nisbatan ikkinchi darajali hisoblanadi. Sun’iy xalqaro tilning xalqarolik vazifasi birlamchi hisoblansa-da, ular har doim ham ro‘yobga chiqmagan. Chunki bunday tillarning hammasi ham millatlararo aloqa-aralashuv amaliyotida qo‘llanavermagan.

Tabiiy xalqoro til  qadimda va o‘rta asrlarda mintaqaviy xarakterga ega bo‘lgan (ularning qo‘llanishi muayyan mintaqa, hudud bilan chegaralangan). Chunonchi, qadimiy Sharq xalqlarida aloqa vositasi sifatida Xitoy tili (iyeroglifik shaklda), G‘arbiy Osiyoning qadimiy  davlatlarida turli davrlarda shumer, akkad va oromiy tillari qo‘llangan. Yunon tili ellinistik dunyoning, lotin tili esa turli tillarda so‘zlashuvchi Rim imperiyasining umumiy tili bo‘lgan. O‘rta asrlarga kelib Yaqin Sharq hududida arab va fors tillari, slavyan mamlakatlarida esa qadimiy slavyan tili xalqoro til vazifasida qo‘llana boshlagan.

Yangi davrda, ma’lum ob’yektiv sabablar tufayli avvaldan saqlanib qolgan mintaqaviy xalqaro til guruhi bilan bir qatorda dunyo miqyosida qo‘llanuvchi xalqaro til (jahon tillari) ham paydo bo‘ldi. U yoki bu tilning xalqaro til darajasiga ko‘tarilishi estralingvistik (siyosiy, iqtisodiy va madaniy) va lingvistik (til funksional tizimlarining rivojlanganligi, sohaviy  terminologiyalarning mavjudligi va boshqa) omillar yig‘indisi bilan belgilanadi.

Jahon tillari soni tobora ortib bormoqda. XVIII asrdan so‘ng («fransuz tili umumiy til bo‘lgan asr» deb ham nomlanadi) asta-sekin ingliz va nemis tillari, XX asrdan esa rus va boshqa bir qancha tillar jahon miqyosida qo‘llana boshladi. Tilning xalqaroligi ularning xalqaro tashkilotlar yoki konferensiyalarning (BMT, YuNESKO) «rasmiy» yoki «ishchi» tili sifatida tan olinishi tufayli ushbu maqomda yuridik jihatdan mustahkamlanishi bilan belgilanadi (masalan, ingliz, arab, ispan, xitoy, rus, fransuz tillari BMTning rasmiy va ishchi tillari hisoblanadi). Xalqaro tilni ko‘p millatli davlat ichida qo‘llanuvchi, millatlararo aloqa vositasi hisoblanuvchi tillardan farqlash kerak. Ba’zi tillar ham xalqaro, ham millatlararo til sifatida qo‘llanishi mumkin (masalan, rus va xitoy tillari).

Sun’iy xalqaro til deganda aloqa-aralashuv uchun maxsus shakllantirilgan yasama kommunikativ tizimlar tushuniladi. Lotin tilining xalqarolik vazifasi susayishi munosabati bilan XVII asrdan boshlab sun’iy tillarning ko‘plab loyihalari paydo bo‘la boshladi. 1629 yilda fransuz faylasufi R.Dekart lingvoloyihalash nazariyasiga asos soldi. XVII- XIX asrlarda sun’iy tillarni yaratuvchilar ko‘pincha tabiiy tillarni nomukammal tillar sifatila tanqid qilib, sun’iy tillarni tabiiy tillarga almashtirilishi zarur bo‘lgan universal tillar deb baholaganlar.

XVIII asr o‘rtalarida xalqaro aloqaning maxsuslashgan vositasi hisoblangan va tabiiy tillar bilan yonma-yon mavjud bo‘lgan sun’iy tilning yordamchilik, vositachilik xususiyati haqida tasavvur shakllandi. 1879 yilda yaratilgan volapyuk ham og‘zaki, ham badiiy ijod sohasidagi aloqa doirasida qo‘llangan dastlabki sun’iy tildir.

1884-1889 yillarda volapyuk tarafdorlarining 3 ta xalqaro konferensiyasi o‘tkazilgan, unda dunyoning turli mamlakatlarida o‘nlab gazeta va jurnallar nashr etilgan bo‘lsa-da, bu harakatlar uzoq davom etmadi. Faqat esperantogina (1887 yilda yaratilgan) keng ommalashib, unda ko‘p kishilar so‘zlashadigan bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, esperanto har doim tor doiralagi yordamchi, ikkilamchi til sifatida qo‘llangan. Sun’iy tillardan ido (1907), oksidental (1921-1922), interlingva (1951) ham u qadar muvaffaqiyat qozonmay, tor kommunikativ doirada qo‘llanib kelmoqda. Lekin mazkur sun’iy xalqaro tilning barchasi g‘arbiy tillar materiallari negizida shakllangan bo‘lib, Sharq tillari uchun begona hisoblanadi.