Xitoy bolalarga smartfon va internetdan erkin foydalanishni taqiqlamoqda

Xitoy voyaga yetmaganlarning mobil qurilmalar va internetdan foydalanishini tartibga soluvchi yangi qoidalar loyihasini taqdim etdi. Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, o‘smirlar kuniga ikki soat smartfondan foydalanish bilan cheklanadi. Bu haqda “Vesti” xabar bermoqda.

Loyihaga ko‘ra, Xitoyda voyaga yetmaganlar uchun smartfon va mobil internetdan foydalanish vaqti va rejimiga cheklovlar qo‘yiladi. Shunday qilib, 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar kuniga 40 daqiqa, 8 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bir soat, 16 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga esa kuniga ikki soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqt davomida smartfondan foydalanishga ruxsat etiladi.

Har yarim soatda foydalanuvchiga tanaffus qilish zarurligini qurilma eslatishi kerak.

Shu bilan birga, soat 22:00 dan 06:00 gacha voyaga yetmaganlar uchun mobil internetdan foydalanish yopiladi. Ta’lim dasturlari, shaxsiy xavfsizlik xizmatlari, favqulodda qo‘ng‘iroq va sertifikatlangan aqliy va jismoniy rivojlanish dasturlari bundan mustasno.

Qoidalar loyihasi Xitoyning onlayn o‘yinlarning bolalar va o‘smirlarga ta’sirini cheklash siyosatining davomi hisoblanadi. U 2023 yilning sentabrigacha muhokama qilinadi.