Xitoy fuqarosi ikki talonchi yigitga duch keldi
Toshkent shahar IIBB xodimlari Xitoy fuqarosiga nisbatan sodir etilgan talonchilikda gumonlanuvchi shaxslarni qo‘lga olishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 3 avgust kuni Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlariga 24 yoshli XXR fuqarosi Ya.D. murojaat qilgan. U o‘z murojaatida, soat taxminan 22.40 da o‘zining «Lasetti» avtomobilida bo‘lganida uning mashinasiga ikki notanish kishi mingan. G‘arazgo‘ylar uni savollar bilan chalg‘itib, salondan ichida pasport, so‘m va AQSh dollarida pullar, bank kartalari bo‘lgan sumkani o‘g‘irlab ketishgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida Bog‘tepa ko‘chasida daraxt ostida sumka, pasport va kartalar topildi. Mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166 moddasi («Talonchilik») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tezkor-qidiruv tadbirlari natijalariga ko‘ra, shuningdek tashqi videokuzatuv kameralari yozuvi o‘rganilgach, Yakkasaroy tumani IIO FMB xodimlari talonchilikda gumonlanuvchi shaxslarni aniqlab – 25 yoshli Azizxon M. va 23 yoshli Mirzofil S.larni qo‘lga olishdi.
Tergov davomida o‘g‘irlangan narsalarning bir qismi jabrlanuvchiga qaytarildi. Tergov davom etmoqda, deb xabar berdi Toshkent IIBB matbuot xizmati.